Yevropaning bir qator mamlakatlari koronavirus bilan kasallanishning koʻpayishi sababli cheklovlarni kuchaytirmoqda

23:25 15 Noyabr 2021 Dunyo
748 0

Foto: AP

Bir qator Yevropa davlatlarining rasmiylari koronavirus bilan kasallanishning keskin oʻsishi fonida cheklovlarni, shu jumladan, emlangan fuqarolar uchun ham kuchaytirishga majbur boʻlmoqda.

Bu orqali mazkur davlatlar aholini emlash kampaniyasida faolroq boʻlishga va buning natijasida ommaviy immunitetini imkon qadar tezroq shakllantirishga intilmoqchi.

Avstriya

15-noyabrdan boshlab mamlakatda 12 yoshdan oshgan va emlanmagan yoki koronavirus infeksiyasi bilan kasallanmagan shaxslar uchun karantin joriy etildi. Emlanmagan aholiga faqat supermarket, dorixonada xarid qilish, muhtojlarga yordam berish, ishlash yoki sayr qilish uchun uylarini tark etishga ruxsat beriladi. Yangi cheklovlar kasallanishning rekord darajadagi sakrashi tufayli qabul qilindi. Mamlakatda soʻnggi haftalarda har kuni deyarli 12 ming yangi holat qayd etilmoqda. Shu bois hatto toʻliq emlanganlar uchun ham tungi vaqtda uydan chiqishga cheklovlar joriy etish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniyada barcha qariyalar uyi xodimlari va qariyalar uchun toʻrt oylik majburiy emlash muddati tugadi. Jiddiy tibbiy sabablarsiz vaksina olmagan ijtimoiy xodimlar ishdan boʻshatilishi mumkin. Bundan tashqari, oʻtgan haftada bemorlar bilan bevosita aloqada boʻladigan Angliya Milliy sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarini majburiy emlash boʻyicha qaror qabul qilindi. Buyuk Britaniya aholisining taxminan 73 foizi emlashning toʻliq kursini tugatganiga qaramay, mamlakatda kasallanish hali ham yuqori — kuniga 40 mingga yaqin yangi holat qayd etilmoqda.

Gretsiya

Oʻtgan haftada Gretsiya hukumati tomonidan emlanmagan fuqarolar uchun yangi cheklovlar kiritildi. Unga koʻra, ularda kasallik yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat (test natijasi) boʻlmasa, banklar, davlat idoralari, doʻkonlar, restoranlar va boshqa ovqatlanish obyektlari, koʻngilochar muassasalar va sartaroshxonalarga kiritilmaydi. Belgilangan choralarga rioya qilmagan korxonalar uchun jarimalar 5 ming yevrogacha oshiriladi va ularning faoliyati ikki haftaga toʻxtatiladi. Garchi mamlakatda aholining 60 foizga yaqini toʻliq emlangan boʻlsada, Gretsiyada hozir kasallanish butun pandemiya davridagi eng yuqori darajaga yetgan.

Daniya

Daniya hukumati kinoteatrlar, tungi klublar va restoranlarga yoki 2000 dan ortiq odam ishtirok etadigan tadbirlarga tashrif buyurish uchun talab qilinadigan koronavirus pasportlarini qayta joriy qildi. Ushbu chora bir oy muddatga amalda boʻladi va epidemik vaziyatga qarab uzaytirilishi mumkin. 

Daniyada bunday sertifikatlarning amal qilish muddati sentyabr oyi boshida tugatilgan edi. Shundan soʻng kasallanish yana oʻsishni boshladi va noyabr oyida oʻtgan yil oxiridagi eng yuqori darajaga yaqinlashdi.

Italiya

Italiya hukumati tibbiyot xodimlarini majburiy qayta emlashni joriy etish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Hozirgi vaqtda har qanday tibbiyot muassasasining xodimlari mamlakatda majburiy emlashdan oʻtkaziladigan yagona fuqarolar toifasi hisoblanadi. Shu bilan birga, deyarli hamma joyda ishda ham, uyda ham zarur boʻlgan koronavirus sertifikatlari talab qilinadi. Soʻnggi kunlarda Italiyada infeksiyalar sonining koʻpayishi kuzatilmoqda va yoz oylaridagi raqamlarga yaqinlashmoqda. Mamlakatda har kuni 7 mingdan ortiq yangi infeksiya qayd etilmoqda.

Niderlandiya

Niderlandiyada avval bekor qilingan cheklovlar yana ishlay boshladi - 1,5 m ijtimoiy masofani saqlash talabi yana kuchga kirdi. Imkon qadar uyda ishlash tavsiyasi tiklandi. Dekabr oyining boshiga qadar sport tadbirlari, jumladan, futbol oʻyinlari tomoshabinlarsiz oʻtkaziladi. Endi barcha kafe, bar va restoranlar, shuningdek, eng zarur tovarlar sotiladigan doʻkonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00da, boshqa doʻkonlar esa soat 18:00da yopilishi kerak. Mamlakatda kuniga 16 mingdan ortiq infeksiya holati qayd etilmoqda va bu pandemiya davri uchun maksimal koʻrsatkichdir. Dekabr oyida 80 yoshdan oshgan aholining 74 foizga yaqini toʻliq emlangan. Immuniteti zaif odamlarning ayrim toifalari revaksinatsiya qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?