Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonda ekologik loyihani amalga oshirishga koʻmaklashadi

00:17 02 Sentyabr 2022 Siyosat
1807 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomuradov va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning Yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer oʻrtasida mamlakatimizning Chorkesar va Yangiobod maxsus poligonlarini rekultivatsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha grant loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida Bitim imzolandi.

7 mln yevroga teng grant shartnomasini imzolash marosimi 2022-yil 1-sentyabr kuni YETTBning Londondagi shtab-kvartirasida boʻlib oʻtdi.

2021-yilda Davlat ekologiya qoʻmitasi va YETTB oʻrtasida konsultativ yordam koʻrsatilishi uchun 2 million yevro miqdoridagi birinchi bitim imzolangan edi. Jami 9 million yevro miqdoridagi grant loyihasi bank tomonidan Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhitni reabilitatsiya qilish ekologik hisobi maxsus fondi hisobidan moliyalashtiriladi.

Grant loyihasi doirasida 2022-2025-yillar davomida maxsus uchastkalarini ekologik sogʻlomlashtirish va rekultivatsiya qilish tadbirlari amalga oshiriladi.

Xolisona oʻtkazilgan ekspertiza hamda xavf-xatarlar va mahalliy sharoitlarni kompleks ekologik baholash asosida mutaxassislar hududning rekultivatsiya qilish, qurilish-montaj, izolyatsiya va himoya ishlarini olib borish boʻyicha eng xavfsiz va maqbul variant va rejalarni tanlagan.

Rekultivatsiya ishlari 2023-yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan boʻlib, taxminan ikki yil ichida yakunlanadi.

Loyiha doirasidagi qurilish va reabilitatsiya ishlari mahalliy va germaniyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi.

Taʼkidlash joizki, ijtimoiy yoʻnaltirilgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi ushbu hududlarning ekologik holatini yaxshilashda katta oʻrin tutadi. Yaqin kelajakda sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash hududning barqaror rivojlanishiga, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarga qoʻshimcha investitsiyalar jalb etilishiga, shuningdek, hududlarning turistik va ekoturistik salohiyatini rivojlantirishga, mahalliy aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish boʻyicha tomonlarning majburiyatlari yuzasidan kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?