“Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi tuzildi

23:33 29 Aprel 2021 Siyosat
458 0

2021-yil 29-aprel kuni Yevropa parlamentida tashkil etilgan “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhining rasmiy ochilish marosimi videokonferensiya tarzida boʻlib oʻtdi.

Qayd etilganidek, yangi tuzilgan “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi siyosiy, ishbilarmon doiralar, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida yuqori darajadagi muloqotni taʼminlash orqali Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi aloqalarni yana-da yaqinlashtirishda mustaqil platforma boʻlib xizmat qiladi.

Doʻstlik guruhi faoliyati madaniyat, taʼlim, ilm-fan sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni, shuningdek, fuqarolar oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish, keng doiradagi konstruktiv uchrashuvlar va parlament diplomatiyasi orqali Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi institutlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Marosimda “Yevropa Ittifoqi — Oʻzbekiston” doʻstlik guruhi raisi Richard Charneski, guruh Bosh kotibi Ipek Tekdemir, Oʻzbekistonning Belgiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi D. Xakimov, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va boshqalar soʻzga chiqdi.

A. Saidov oʻz chiqishida qayd etganidek, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar boʻyicha asosiy organ “Oʻzbekiston — YEI” Parlament hamkorlik qoʻmitasi 2000-yilda tuzilgan boʻlib, Oʻzbekiston tomoni YEI bilan parlamentlararo munosabatlar rivojlanishining ijobiy dinamikasi davom ettirilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Ayni paytda tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida Bryussel shahrida “Oʻzbekiston — YEI” Parlament hamkorlik qoʻmitasiniing 15-majlisini tashkillashtirish masalasini ishlab chiqmoqdalar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasi Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻlib, oxirgi yillarda ushbu yoʻnalishlardagi ishlar ancha faollashganiga urgʻu berildi.

Tadbirda Yevroparlament deputatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT 75-sessiyada “Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisida”gi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi ilgari surilgan tashabbusi doirasida joriy yil 24-iyun kuni Buxoro shahrida boʻlib oʻtadigan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzuidagi xalqaro forumda, 12-13-avgust kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar huquqlari boʻyicha Butunjahon konferensiyasida ishtirok etishga taklif etildilar.

Muloqot chogʻida “Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorlik qoʻmitasi yangi tuzilgan doʻstlik guruhi bilan birgalikda qoʻshma rejalar ishlab chiqishi, bu boradagi hamkorlikka doim tayyorligi bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?