Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab oʻtishni jinoyat sifatida tan oldi

00:41 29 Noyabr 2022 Dunyo
502 0

Arxiv surat

Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab oʻtishni jinoyat deb tan olish qarorini maʼqulladi. Yevropa Ittifoqi Kengashi Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiya choralarining buzilishini jinoyat deb tan oldi. 

Chexiya Adliya vaziri Pavel Blazek Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosati zarurligi haqida gapirar ekan, “Bugungi qaror bu choralarni chetlab oʻtishga boʻlgan har qanday urinishlar toʻxtatilishini taʼminlash uchun eng muhim vositadir” dedi. Uning taʼkidlashicha, joriy qilingan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyoti Ukrainadagi jangovar harakatlar davom etishini taʼminlay olmasligiga qaratilgan.

Aytilishicha, sanksiyalarni chetlab oʻtishni jinoiylashtirishga Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar sanksiyalar siyosati mohiyatini noaniq tushunishlari sabab boʻlgan. Ushbu qaror joriy etilgan cheklovchi choralarni chetlab oʻtish xavfini bartaraf etishi taʼkidlangan.

Bayonotda, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab oʻtishni jinoyat deb tan olish Yevropa Ittifoqi aʼzolari tomonidan umumevropa siyosiy yoʻnalishiga bir xil darajada vijdonan rioya qilishga qaratilgan ikki qadamning birinchisi ekanligi taʼkidlanadi.

24-noyabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning toʻqqizinchi paketini ishlab chiqayotganini maʼlum qilgan edi.

“Biz Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush olib borish qobiliyatini yoʻqotish uchun qattiq ishlayapmiz. Aytishim mumkinki, biz sanksiyalarning toʻqqizinchi paketi ustida tezlikda ishlayapmiz”, dedi u. Shu oʻrinda Lyayen yaqin orada Rossiya neftiga narx chegarasi tasdiqlanishini taʼkidladi.

“Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinning noqonuniy va vahshiy urushi ustidan gʻalaba qozonmaguncha tinchlanmaymiz”, — deya qoʻshimcha qildi Yevropa komissari.

Shu yilning 5-oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sakkizinchi sanksiyalar paketini maʼqullagan edi. Unga koʻra, Rossiya neftiga narxlarning maksimal chegarasi joriy etilgan. Shundan soʻng Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi xom ashyosi narxini maksimal darajada oshirishga urinayotgan davlatlarga neft va gaz yetkazib berishni butunlay toʻxtatishi haqida ogohlantirgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?