Yevropa Chempionlar ligasi: Bugun “Real Madrid” “Liverpul”ni, «Manchester Siti» esa «Borussiya Dortmund»ni qabul qiladi

19:28 06 Aprel 2021 Sport
659 0

Foto: AP

Bugun Yevropa klublari oʻrtasida futbol boʻyicha Chempionlar ligasining chorak final bosqichi boshlanadi.

Oʻtgan yilgi pandemiya mavsumidan farqli oʻlaroq, chorak final endi anʼanaviy ikkita oʻyindan iborat boʻladi.

Unda Ispaniyaning “Real Madrid” klubi Angliyaning “Liverpul” jamoasini qabul qilsa, Angliyada «Manchester Siti» klubi Germaniyaning «Borussiya Dortmund» jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.

“Real Madrid” — “Liverpul”

Ushbu jamoalar oʻrtasidagi soʻnggi oʻyin 2018-yilgi Chempionlar ligasi finali hisoblanadi.

Kiyevda boʻlib oʻtgan bahsda gʻoliblikni Zinedin Zidan jamoasi qoʻlga kiritgan edi va Yevropa klublari oʻrtasida eng nufuzli turnirda ketma-ket uch marta gʻolib chiqqan edi.

Uchrashuvdan keyin tarqalgan gap-soʻzlarga koʻra, “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp magʻlubiyatdan soʻng barga kirib, u yerda jamoasi muxlislari bilan uchrashadi va jamoasini yana bir bor Chempionlar ligasi finaliga olib chiqishga hamda kubokni qoʻlga kiritishga vaʼda beradi. Bir yil oʻtib, “Liverpul” futbolchilari Madridda Chempionlar ligasi kubogi bilan suratga tushishadi.

Oradan uch yil oʻtib mazkur jamoalar chorak final bosqichiga chiqishdi. Oʻtgan mavsumda ikkala jamoa ham turnirni pley-offning birinchi bosqichida tark etishgan edi.

Ushbu oʻyindan oldin na “Liverpul” va na “Real Madrid”ni Chempionlar ligasini gʻolibi boʻlishga favorit deb atab boʻlmaydi.

Yurgen Klopp shogirdlari Angliya chempionatida 30 turdan soʻng 14 gʻalaba, 7 durang va 9 magʻlubiyat bilan, turnir jadvalida 7 oʻrinda bormoqda. Musobaqa peshqadami bilan oʻrtadagi farq 25 ochkoni tashkil qiladi.

“Real Madrid” La Ligada ayni paytda uchinchi oʻrinda bormoqda. Jamoa va peshqadam oʻrtasidagi farq uch ochkoga teng.

Bugungi oʻyinda jarohatlar tufayli himoyachi va sardor Serxio Ramos hamda oʻng qanot himoyachisi Dani Karvaxal klubga yordam bera olmaydi. Bundan tashqari, Zinedin Zidan ham jarohatini tiklagan va allaqachon umumiy guruhda mashgʻulot olib borayotgan belgiyalik Eden Azarni ham bugungi tarkibga kiritmagan.

“Biz qanday kurashishni bilamiz va bu bizning kuchli tomonimiz. Biz «Liverpul”dan oʻtishni va musobaqani davom ettirishni istaymiz», dedi Zidan oʻyindan oldingi matbuot anjumanida.

Uning hamkasbi Yurgen Klopp bu oʻyinni Kiyev Chempionlar Ligasi finalidagi muvaffaqiyatsizligi uchun qasos olish uchun imkoniyat sifatida qaramasligini taʼkidladi.

“Biz bu yerda qasos olish uchun kelmadik. Keyingi bosqichga chiqsak juda yaxshi boʻlardi. Biz oʻzimizni yaxshi formada his qilyapmiz va ushbu tezlikni saqlab qolishga umid qilamiz. Koʻpchilik «Real Madrid” favorit deb demoqda. Ajoyib! Bizda ikkinchi darajali rol bilan bogʻliq muammolar yoʻq. Muxlislarimizga hali ham kurash olib borayotganimizni koʻrsatmoqchimiz ", deydi nemis mutaxassisi.

«Manchester Siti» — «Borussiya Dortmund»

Bir qarashda ushbu juftlikdagi favorit aniq. «Manchester Siti» Angliya chempionatida gʻalaba qozonish uchun ajoyib imkoniyatga ega boʻlib turibdi. 

Ammo Germaniya jamoasi oldindan taslim boʻlmoqchi emas. Bundesligadagi qiyin vaziyatni hisobga olsak, jamoa Yevropada muvaffaqiyatdan boshqa narsaga umid qilmayapti. «Borussiya Dortmund» 27 turdan soʻng 43 ochko bilan turnir jadvalida beshinchi pogʻonada bormoqda.

«Borussiya Dortmund» va «Manchester Siti» oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar tarixi toʻrtta uchrashuvdan iborat. Eng qizigʻi, ularning birortasida ingliz jamoasi gʻalaba qozona olmagan. Uchrashuvlarning ikkitasida nemis jamoasi, yana ikki bahsda esa durang natija qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?