Yettita hududda tibbiyot klasterlari tashkil etiladi

10:55 08 Fevral 2022 Jamiyat
1660 0

Aholi salomatligini asrash, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirish jamiyat barqaror rivojlanishida muhim ahamiyatga ega koʻrsatkichlardan biri sanaladi. Sababi, har tomonlama barkamol va sogʻlom jamiyatgina oʻz oldiga maqsad qilgan taraqqiyotning yuksak choʻqqilariga erisha oladi. Shu bois, aholiga kafolatli tibbiy xizmat koʻrsatish, tibbiyot xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish, zamonaviy texnologiya va davolash usullarini keng joriy qilish soʻnggi besh yilda sohada amalga oshirilgan islohotlarda ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

Jumladan, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, xalqchil hujjat sifatida qabul qilingan “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida ham soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi salomatligini taʼminlash boʻyicha bir qator maqsadlar belgilab berildi.

Xususan, mamlakatimiz taraqqiyotini taʼminlash, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga qaratilgan 100 ta maqsadning bir qanchasi aynan tibbiyot sohasida amalga oshirilishga qaratilgan maqsadlar ekanligi kishini quvontiradi. Hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, ushbu soha kelgusi besh yilda oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʻyadi. Sababi, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, taraqqiyot strategiyasidagi eng koʻp maqsad va chora-tadbirlar belgilangan sohalardan biridir.

Jumladan, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va qulayligini oshirish, byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sugʻurtalash amaliyotini joriy qilish, dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish kabi 12 ta maqsad belgilangan.

Ushbu maqsadlarning hayotimizga tatbiq etilishi natijasida, kelgusi besh yilda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish dasturini 2022-2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, sogʻliqni saqlash sohasini raqamlashtirishning 2022 – 2026-yillarga moʻljallangan strategiyasi amalga oshiriladi.

Eng muhimi, dunyo tibbiyot tizimida oʻzini oqlagan yana bir yoʻnalish aholini tibbiy sugʻurtalash tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Bu esa fuqarolarimizga kafolatli tibbiy xizmat bilan taʼminlanish imkoniyatini kengaytiradi. Sohani raqamlashtirish jarayonining yakunlanishi natijasida fuqarolarimizga mamlakatimizning istalgan hududidan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Yaʼni, fuqaro uchun ochilgan elektron karta orqali istalgan hududda tibbiyot xodimi fuqaro kasallik tarixi bilan tanishib unga davolanish muolajalarni qoʻllash imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, tibbiyot muassasalariga borib navbatda turmasdan elektron shaklda maslahat olish imkoniyati ham kengayadi.

Bugun koʻplab sohalar rivojiga klasterlar tizimining joriy etilishi ham oʻz samarasini bermoqda. Shu bois, 2022 — 2026-yillarda Namangan, Fargʻona, Sirdaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida tibbiyot klasterlari va respublika miqyosida tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha alohida korxona va uning 13 ta hududiy boʻlimlari tashkil etiladi.

Ayni kunda aholimizning sifatli va arzon narxdagi dori-darmon vositalariga boʻlgan talabi har qachongidanda ortib bormoqda. Taraqqiyot strategiyasida ushbu sohani ham isloh qilishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, 58-maqsadni hayotga tatbiq etish orqali, dori-darmon tizimida elektron retsept tizimini takomillashtirish va keng joriy etish hamda narxlarga rioya etilishini onlayn kuzatishning axborot tizimini yaratish, dori-darmon va tibbiy buyumlarni aholi uchun yetkazib berish tizimini olis hududlar va mahallalar ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy mexanizmlar asosida takomillashtirish belgilangan. Albatta, bu jarayonda eng katta eʼtibor ishlab chiqariladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini mahalliylashtirish, 2026-yil yakuniga kelib bu koʻrsatkichni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Sohaning yana bir yoʻnalishi, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatishni yaxshilash ham ustuvor vazifa sanaladi. 2022-2026-yillarda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari tashkil etilib, ularni kadrlar, zarur tibbiy texnika va buyumlar bilan taʼminlash, yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.

Oʻz navbatida, sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishning eng asosiy oʻlchovlaridan biri boʻlgan xususiy sektorning ulushi 25 foizga yetkaziladi. Bunda tibbiy faoliyatni yuritishda bino va inshootlarning yertoʻla qismidan foydalanish, shuningdek, laboratoriya va diagnostika boʻlimlari faoliyatiga qoʻyilgan talablarni yengillashtirgan holda xalqaro tajribadan kelib chiqib, belgilangan texnik jihatdan tartibga solish hujjatlari qayta koʻrib chiqiladi. Bir soʻz bilan aytganda, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Mavluda ATXAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?