Yetti haftadan soʻng dunyoda kasallanish koʻrsatkichlari yana oshdi

07:53 17 May 2022 Dunyo
952 0

Foto: Illustrativ foto

Jahonda yetti haftadan soʻng ilk bor koronavirus bilan kasallanish koʻrsatkichlari oʻsishi kuzatildi.

Tahlillarga koʻra, 7-13-may sanalari oraligʻida qariyb 3,4 million nafar kishida mazkur infeksiya qayd etilgan. Bu undan avvalgi haftaga qiyoslaganda, 200 mingta koʻp koʻrsatkichdir.

Shunga qaramay, xastalikdan oʻlim holatlari davomli ravishda pasaymoqda. Yaʼni ketma-ket toʻrtinchi haftadirki, COVID-19 tufayli hayotdan koʻz yumganlar soni 20 ming nafardan kam boʻldi.

Mintaqalar misolida koʻrib chiqsak, Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida pasayish tendensiyasi kuzatilyapti. Osiyo va Amerikada esa aksincha, bemorlar soni ortib bormoqda.

Yaponiyada oʻtgan haftada kuniga 40 mingdan ortiq bemorga koronavirus tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, mart oyi boshidan buyon xastalanish holatlari sezilarli darajada kamayib borgan Malayziyada yana COVID-19 avj olyapti.

Qolaversa, hafta davomida Shimoliy Koreyada ilk bor 18 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalingani va ulardan olti nafari vafot etgani haqida maʼlumot berildi.

AQSHda ham vaziyat keskinlashgan. Hozir mamlakatda kunlik kasallanish holatlari 80 mingdan oshyapti. Bunday koʻrsatkich fevral oyi oʻrtalaridan buyon qayd etilmayotgan edi. Shu sababli Qoʻshma Shtatlar dunyoda kunlik statistika boʻyicha yana yetakchiga aylandi.

Janubiy Amerika davlatlari orasida Kolumbiya va Braziliyada yangi epidemiyalar roʻyxatga olindi. Yevropa boʻyicha esa faqat Ispaniyada epidemiologik vaziyat jiddiy tus olib, mart oyi oʻrtalaridagi statistika takrorlandi.

Shuningdek, Avstraliya koronavirusning yangi toʻlqini bilan toʻqnash keldi. Oqibatda oʻtgan haftada bu yerda kuniga 50 mingdan ortiq bemorda kasallik qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?