Etik tozalovchi bola qanday qilib millionerga aylandi?

23:02 20 Yanvar 2021 Sport
1582 0

Yaya Ture 1983-yilda Kot-dʻIvuar davlatining Buake shahrida tugʻilgan. U oiladagi toʻqqiz farzandning ikkinchisi edi. Juda kambagʻal yashashardi. Ayrim manbalarda Yayaning bolalik paytida kuniga atigi bir mahal ovqat yegani yozilgan.

Ota-onasiga xiyla boʻlsa-da yordam bermoq niyatida akasi Kolo bilan poyabzal tozalovchilik qilishardi. “Millionlar oʻyini” bilan jiddiyroq shugʻullanish imkoniyati tugʻilgan zahoti akasi futbol maktabiga ketib qoldi. Yaya esa odamlarning oyoq kiyimini tozalashda davom etdi. Biroq mavridi kelib Yaya bu ish bilan qashshoqlikdan xalos boʻlish imkoni yoʻqligini anglab yetdi. Kambagʻallikdan qutilishning yagona yoʻlini futbolda koʻrdi.

Oʻzining dastlabki futbol jamoasiga kelib qoʻshilganida hamma unga ajablanib qarardi. Gap shundaki, haddan ziyod novcha bu bolaning oyogʻida butsisi yoʻq edi. Oʻziga savol nazari bilan qaraganlarga “Yalangoyoq yaxshiroq oʻynayman”, deb javob qaytarardi. Chindan ham butsisiz oʻynashiga qaramay u boshqa tengdoshlaridan ajralib turardi. 10 yoshga toʻlganda u ilk bor oyogʻiga butsi kiydi. Bu paytda akasi Kolo mahalliy yoshlar jamoasining yetakchi futbolchisiga aylanib ulgurgandi.

Mamlakatda taniqli ASEC Mimosas klubi yoshlar akademiyasiga qabul qilinguniga qadar uch yil davomida u toʻp bilan muomala qilish ustida ishladi. Bu akademiyada 4 yil oʻtkazgach, 17 yoshida oʻsmirlar jamoasiga qabul qilindi.

Yaya oʻz oilasining kambagʻalligini atrofdagi odamlar sababchi boʻlgan, deb hisoblar va aynan shu odamlar koʻmagida qashshoqlikdan xalos boʻlish mumkin, degan fikrda edi. Bu biryoqlama qarashdek tuyulsa – da, Yayaning haqligini koʻrsatuvchi jihat yoʻq emas. Axir, yaxshi futbolni tomosha qilish uchun odamlar yaxshi haq toʻlashadi. Bu esa badavlat boʻlishning bir yoʻlidir.

Qahramonimiz oʻz jamoasining mamlakat chempionatida gʻolib chiqishiga juda katta hissa qoʻshdi. Bu esa uni elga tanitdi. Bu orada mamlakat rahbarlari yosh futbolchilarni tarbiyalash, ularni Yevropa klublariga joʻnatish harakatiga tushdilar. Yayada shu tariqa oʻzining bir guruh tengdoshlari qatori Belgiya chempionatida kuchini sinab koʻrish, mahoratini oshirish imkoniyati tugʻildi. Shu asnoda Angliyaning “Arsenal” klubi koʻrigida ham boʻldi. Ammo ingliz klubining oʻsha paytdagi bosh murabbiyi Arsen Vengerga uning maydondagi harakatlari u qadar maʼqul tushmadi. Venger yon daftarchasiga u haqida “Toʻlaqonli oʻrtamiyona oʻyinchi” deb yozib qoʻydi. Shunga qaramay, “Arsenal” uni xarid qilmoqchi boʻldi. Ammo klub Yayaning ishlashi uchun tegishli ruxsatnoma ola bilmadi. Natijada qahramonimiz Ukrainaning “Metallurg Donesk” klubi safiga borib qoʻshildi. Bu yerda uning bolalikdagi doʻstlari ham toʻp surishayotgandi.

Oradan koʻp vaqt oʻtmay Yaya Yevropa klublari nazariga tushdi. Gretsiyaning «Olimpiakos» jamoasi safida u mashhur futbolchi Rivaldo bilan yonma-yon oʻynash baxtiga sazovor boʻldi. Kot-dʻIvuar terma jamoasi bilan 2006-yilgi jahon chempionatida ishtirok etdi. Shundan soʻng Yevropaning grand klublari unga qiziqish bildira boshlashdi. Fransiyaning “Monako” klubi Yaya Turening transferi uchun 5 million funt sterlingga yaqin pul toʻlab uni oʻz safiga qoʻshib oldi. Vaholonki, atigi 12 oy muqaddam «Olimpiakos» bu futbolchi uchun ukrain klubiga 2,5 million funt sterling toʻlagandi. Fransuz klubi murabbiyi Loran Banide Yaya haqida shunday degandi: “Yaya ajoyib texnikaga ega. Maydonda u oʻz gavdasidan oqilona foydalana biladi.Bu futbolchining qoʻlidan hamma ish keladi”.

Yayaning keyingi klubi “Barselona” boʻldi.Keyin esa Angliyaning "Manchester Siti“ klubi safiga borib qoʻshildi. Bu ikkala nomdor klubda ham u ajoyib oʻyinlar namoyish etdi. ”Yangi Patrik Viyeyra“ degan nomga sazovor boʻldi.Xususan, ”ManSiti"dagi oʻyinlari unga katta shon-shuhrat olib keldi. “Shaharliklar” safidagi dastlabki toʻrt mavsumda u ikki bor mamlakat chempioni boʻldi. Mamlakat Kubogi, Superkubogi va liga Kubogini qoʻlga kiritdi. Ture nafaqat hujumlarni tashkil etish, balki toʻpurarlik bobida ham benazir ekanini koʻrsatdi. Masalan, 2013 – 2014-yilgi chempionlik mavsumida 24 ta gol kiritgan holda jamoaning eng kuchli toʻpurariga aylandi. Serxio Aguero, Edin Jekodek mahoratli hujumchilardan ham oʻzib ketdi.

Jismoniy imkoniyatlari, maydonda juda katta hajmdagi ishni bajarishi, havodagi toʻp uchun kurashda yengilish nimaligini bilmasligi chindan ham Patrik Viyeyrani eslatardi. Mashgʻulotlarda qattiq ter toʻkardi. Jamoadoshlari uy-uylariga tarqalishgan kezda ham uning maydonda qolib, mashq qilayotganini koʻrish mumkin edi. “Amaliyot kishini takomillashtiradi” degan shiorga amal qilardi.

— Aynan Manuel Pellegrini "ManSiti"ni boshqarganida zimmamga katta masʼuliyat tushdi, — deya eslaydi Yaya. — U jamoaga kelgan zahoti menda yetakchilik qobiliyatini koʻrayotganini aytdi. Pellegrini "Vensan Kompani — kapitan. Lekin u maydonda yoʻq pallada sen sardor boʻlasan“, dedi. Men ”Bunga tayyor emasman“ dedim. Murabbiy esa ”Men jamoadagi futbolchilar bilan qanday gaplashayotganingni koʻrib turibman. Hatto tushlik qilayotganda ham sizlar futbol haqida gaplashasizlar", dedi. Shu tariqa men Kompani maydonga tushmagan paytlarda jamoa sardori vazifasini bajardim.

Ture islomga eʼtiqod qiladi. Buni Angliyadagi oʻyinlardan keyin futbolchilarning shampan ichimligi ichish odatiga amal qilmaganidan ham bilish mumkin.

Yana bir gap. Yaya Ture mamlakat Prezidenti darajasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan. Kot-dʻIvuar terma jamoasining Afrika Millatlar kubogidagi gʻalabasidan keyin davlat rahbari bu zafarni nishonlash chogʻida uni oʻz kortejiga taklif qilgandi. Qahramonimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining brakonyerlikka qarshi kurash kampaniyasiga qoʻshilib, elchi maqomida faoliyat yuritgani ham eʼtiborga molik.

Aytmoqchi, tirikchilik vajidan bolaligida poyabzal tozalash bilan shugʻullanishga majbur boʻlgan Yaya Turening nomi ayni paytda Afrikaning eng badavlat oʻn futbolchisi roʻyxatida turibdi. Uning futboldan ishlab topgan boyligini 70 million AQSH dollari miqdorida deb baholashmoqda. Bu pulning asosiy qismini «Manchester Siti» bilan tuzgan 8 yillik shartnomasi sharofati bilan ishlab topgan. Bu yerda Yaya haftasiga 230 ming dollarga yaqin maosh olardi.

Yaya Ture 2011, 2012, 2013 va 2014-yillarda Afrikaning eng kuchli oʻyinchisi deb topilgan. Gretsiya, Ispaniya, Angliya chempioni sanaladi. U ingliz, rus, fransuz va ispan tillarida erkin gaplasha oladi. Ayni paytda qahramonimiz oʻz kuchini murabbiylik sohasida sinab koʻrish niyatida.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?