Eʼtibordan kuchimizga kuch, gʻayratimizga shijoat qoʻshildi

21:11 31 Avgust 2022 Jamiyat
627 0

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan Xorazm viloyatining turizm salohiyatini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilgan dasturlar natijasida qadim Xivada ham turizm infratuzilmasi tubdan yangilandi. “Lazgi”, “Qovun sayli” kabi festivallar, Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan xalqaro kurash musobaqasi, “Bahodirlar oʻyinlari” kabi sport tadbirlari qoʻhna shahar dovrugʻini dunyoga taratyapti, desak, adashmaymiz.

Ushbu qutlugʻ kunlarda Xorazmda bayram tantanalari, quvonchli shodiyonalar bir-biriga ulanayotir. Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrif buyurib, Vatan ozodligi uchun kurashgan buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilishi tantanalarida qatnashishi, al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi poydevoriga kapsula qoʻyishi barcha yurtdoshimizga bayramona kayfiyat, koʻtarinki ruh, yangi kuch va gʻayrat bagʻishladi.

Bu yil mehnat faoliyatimga 50 yil toʻldi. Yarim asr mobaynida Xivadagi Ichan-qalʼa muzey qoʻriqxonasida ilmiy izlanishlar olib bordim. Oʻnlab shogirdlar tarbiyaladim, ilmiy tadqiqotlarim mahsuli — kitoblar nashr etdim. Keyingi yillarda yurtimizda turizmni rivojlantirish va madaniy merosni oʻrganishga qaratilgan katta eʼtibor biz, tarixchi olimlarga ulkan ragʻbat berdi.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida bir qator yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Shular qatorida mening ham kamtarona mehnatim qadrlanib, davlatimizning yuksak mukofotiga loyiq topilganimdan benihoya shodman. Inson manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etgan, barcha islohot fuqarolarning yorugʻ istiqboli uchun xizmat qilayotgan bu yurtda hech bir mehnat ragʻbatsiz qolmasligiga yana bir bor amin boʻldim.

Eʼtibordan koʻnglim togʻdek koʻtarilib, yurt ravnaqi yoʻlida yana yangi tashabbuslar bilan fidokorona mehnat qilishga undamoqda.

Komiljon XUDOYBERGANOV,

“Ichanqalʼa” davlat muzey qoʻriqxonasi ilmiy kotibi,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?