Estoniya bosh vaziri korrupsiya sabab isteʼfoga chiqdi

13:15 13 Yanvar 2021 Dunyo
201 0

Estoniya bosh vaziri Yuri Ratas isteʼfoga chiqishini maʼlum qildi, deb xabar berdi Rus.Err manbasi.

Porto Franco kompaniyasiga davlat krediti berish bilan bogʻliq kelib chiqqan korrupsion mashmasha bunga sabab boʻldi.

Ratasning aytishicha, siyosatda ogʻir vaziyatlarni hal etish uchun juda murakkab qaror qabul qilishga toʻgʻri keladi.

«Oʻz prinsiplarimdan kelib chiqib, yuzaga kelgan holat tufayli Estoniya Respublikasi bosh vazirligi lavozimidan ketishga qaror qildim, — deydi u. — Sentristik partiya rahbariyati va fraksiyasi, shuningdek, yaqin hamkasblarim bilan maslahatlashganimdan soʻng shunday qarorga kelindi. Yechimlar turli boʻladi, lekin ularning orasida baribir bittasi eng toʻgʻrisidir. Prokuratura tomonidan eʼlon qilingan gumonlov faqat bitta odam aniq aybdor ekanligini anglatmaydi. Tergov organlari oʻz vazifalarini professional va xolis amalga oshirishlari, shuningdek, ushbu ishdagi rad etib boʻlmas haqiqatni yuzaga chiqarishlariga ishonchim komil».

Gap shundaki, 12-yanvar kuni mamlakat xavfsizlik politsiyasi xodimlari Sentristik partiya, uning bosh kotibi Mixail Korb, moliya vaziri maslahatchisi Kersti Kraxt, tadbirkor Xillari Tederu va yana ismi oshkor etilmagan ikki kishi korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar bergandi. 

Prokuraturaning qayd etishicha, Korb Teder bilan til biriktirgan. Unga koʻra, tadbirkor partiyaga shu yil 17-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylov oldidan 1 mln. yevro xayriya qilishi, buning evaziga developerlik loyihasini amalga oshirish uchun oʻzi bilan bogʻliq Porto Franco kompaniyasi uchun davlatdan 39,3 mln. yevro kredit olishi kerak edi.

Ushbu gumonlardan soʻng Mixail Korb oʻz lavozimini tark etgan boʻlsa, moliya vaziri Martin Xelme maslahatchisi Kersti Kraxt bilan mehnat shartnomasini bekor qildi. 

Isteʼfoga chiqayotgan hukumat rahbari oʻrniga muxolifatdagi Reformistlar partiyasi lideri Kaya Kallas nomzodi taklif etilyapti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?