Eski turdagi metro vagonlarini sovitish tizimi bilan jihozlashning imkoni yoʻq — Toshkent metropoliteni

15:42 18 Iyul 2025 Jamiyat
215 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metropoliten vagonlarida havoning issiqligi yuzasidan shikoyat qilgan yoʻlovchining videomurojaati keng tarqalmoqda. Holat yuzasidan Toshkent metropoliteni munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida soʻnggi 5-yil davomida bosqichma-bosqich ravishda, 41 ta yangi harakat tarkibi olib kelingan. Natijada metro vagon parkining 50 foizdan ziyod poyezdlari yangilangan.

Keltirilgan yangi turdagi poyezdlarda yozning jaziramasida maxsus sovitish va sovuq kunlarda isitish kabi koʻplab qulayliklar mavjud.

“Aytish kerakki, ushbu video murojaatda taʼkidlangan harakat tarkibi koʻp yillik foydalanilayotgan eski turdagi harakat tarkibi boʻlib, ishlab chiqaruvchi tomonidan maxsus sovitish tizimi mavjud boʻlmagan holda ishlangan va bu turdagi qurilma bilan jihozlash imkonsiz”, — deyiladi munosabatda.

Qoʻshimcha qilinishicha, 2025-2026-yillar davomida yana yangi 14 ta toʻrt vagonli harakat tarkibi xarid qilinib, yoʻnalishlarga chiqarilishi maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?