Ertaga Qozonda birinchi MDH oʻyinlari ochiladi, bugun Oʻzbekiston sport delegatsiyasining yana bir guruhi Rossiyaga joʻnab ketdi

21:45 03 Sentyabr 2021 Sport
1220 0

Xabaringiz bor, 4-11-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida ilk bora oʻtkazilayotgan MDH oʻyinlari ertaga tantanali ochiladi.

Birinchi MDH oʻyinlarida sportning 17 turi boʻyicha 1 500 nafarga yaqin sportchi 182 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib borishadi. Musobaqalarni bevosita boshqarib borish uchun 400 nafar atrofida hakamlar jalb qilingan boʻlsa, 1 000 nafardan ziyod volontyorlar MDH oʻyinlari ishtirokchilariga xizmat koʻrsatadi.

Ushbu oʻyinlarda Oʻzbekiston sport delegatsiyasi tarkibida 15ta sport turidan jami 240 kishi qatnashishi rejalashtirilgan.

Vakillarimizning dastlabki guruhi 31-avgust kuni Qozonga joʻnab ketishganidan xabaringiz bor. Bugun esa yana bir guruh sportchilarimiz va rasmiylar Tatariston poytaxtiga kuzatib qoʻyildi. Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan basketbol (3x3), kurash, belbogʻli kurash, muay-tay va oʻq otish sporti vakillaridan iborat jami 65 nafar yurtdoshimiz oʻrin olgan. Oʻzbekiston sport delegatsiyasiga Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov rahbarlik qilmoqda.

Oʻz tarkibiga dzyudo, karate, stenddan oʻq otish, badminton, badiiy gimnastika, futzal, sambo hamda raqs sport turi vakillarini jamlagan qariyb 100 kishilik navbatdagi delegatsiyamiz rejaga binoan 6-7-sentabr kunlari birinchi MDH oʻyinlariga joʻnab ketadi.

Oʻyinlarning rasmiy ochilish marosimi ertaga belgilangan boʻlsa-da, dasturga binoan ayrim sport turlari boʻyicha musobaqalar boshlanib ketdi. Jumladan, boks bahslariga 1-sentyabrdan start berilgan boʻlsa, bugun, 3-sentyabrdan sport kurashlari boʻyicha ham musobaqalar boshlab yuborildi. Shuningdek, bugun yunon-rum kurashi bellashuvlari ham boshlandi.

Taʼkidlash kerak, Tataristonda oʻtkazilayotgan birinchi MDH oʻyinlari 14-23 yoshli iqtidorli sportchilar oʻrtasida tashkil etilmoqda. Shubha yoʻqki, bu oʻyinlar ana shu yoshlarimiz uchun qitʼa va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya oʻyinlari uchun oʻziga xos tajriba maktabi vazifasini oʻtab beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер