Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi

21:32 14 Iyul 2022 Siyosat
1128 0

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati / Farrux Fatullayev surati

Shu kunlarda Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Mazkur tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari dunyoning eng qadimiy va tarixiy-meʼmoriy obidalarga boy goʻzal goʻshalaridan biri Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. Mehmonlar dastlab Bahouddin Naqshband majmuasida boʻldi. Ularga majmuaning tarixi haqida soʻzlab berildi.

Mazkur meʼmoriy xonaqoh mahobati va badiiy bezagi jihatidan juda noyob imorat sanaladi. Majmuaning asosiy qismiga daxmalar, maqbara, ikkita masjid, sakxona, hovuz, quduq, minora, madrasa va Abdullaxon xonaqohi kiradi. Keyinchalik uning safiga baland peshtoq – gumbazli yangi darvozaxona, muzey, choyxona singari imoratlar qoʻshilgan. Ushbu majmuaning yaratilish tarixi mehmonlarda hayrat uygʻotdi.

Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari “Ark” qalʼasida boʻlishdi. Ushbu qalʼa qadimda Buxoro shahrining markazi hisoblangan. Buxoro arki milodning boshlarida qurila boshlanib, XVI asrda ansambl holiga keltirilgan. Arkning oʻzida meʼmoriy inshootlarning katta bir majmuasi joylashgan. Sharqiy qismi hozirda arxeologik yodgorlikdir. Uning tepasidan Buxoroning betakror manzarasini koʻrish mumkin.

Mehmonlarda qalʼaning qurilishida meʼmorchilikning oʻziga xos uslublaridan foydalanilgani katta taassurot qoldirdi.

Delegatsiya aʼzolari shuningdek, Buxoro shahridagi «Poi kalon», “Masjidi kalon”, “Labi Hovuz” majmualarida ham boʻlishdi.

Shu bilan Eron parlamenti delegatsiyasining tashrifi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?