Yerni noqonuniy egallab olishga barham berilmoqda

19:08 25 Sentyabr 2023 Jamiyat
474 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Navoiy viloyatida yil boshidan buyon 347 holatda yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish aniqlangan.

Yer — bebaho boylik. Undan foydalanish va egalik qilish borasidagi barcha munosabatlar mamlakatimizda “Yer toʻgʻrisida»gi Qonun, bir qator qonunosti hujjatlari, “Yer kodeksi” bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjatlarning ijrosi va ularda qonun ustuvorligini taʼminlash ham turli idoralar tomonidan amalga oshirilib, asosan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi hamda agentlikning Kadastrlar palatasining zimmasida. Modomiki, yer bebaho boylik ekan, uni qanday yoʻl bilan boʻlmasin qoʻlga kiritish, tasarruf etish istagi barcha zamon va har qanday jamiyatda uchrab turadi.

— Kadastr agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan birgina joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida tuman, shahar yer va kadastr nazorati inspektorlari tomonidan 347 ta holatda 35,75 gektar yer maydonini fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy egallab olinganligi hamda ushbu yer maydonlariga oʻzboshimchalik bilan bino-inshootlar qurib olinganligi aniqlandi, — deydi boshqarma boshligʻi Doniyor Nishonov. — Aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va yer maydonini qonuniy egalariga qaytarish uchun 347 ta holatda qonunbuzarlarga yozma koʻrsatmalar yuborildi va ulardan toʻgʻri xulosa chiqargan 306 ta fuqaro 29,72 gektar yer maydonda qurilgan qurilmalarni oʻz hisoblaridan bartaraf etishdi. 31 ta holatda 5,72 gektar yer maydonni yer egalariga qaytarish maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritildi, 2 ta holatda 0,07 gektar yer maydonida jinoyat alomatlari borligi sababli prokuratura organlariga oʻtkazildi. Qolgan 8 ta holatda 0,24 gektar yer maydoni qonun buzilishlar bartaraf etish jarayonida.

Bugungi kunda Navoiy viloyatining yer resurslari 11 million 109 ming gektarni tashkil etib, shundan 222 ming gektarigina sugʻoriladigan yer maydonlaridan iborat. Uning ham 91 ming gektarida doimiy ekin ekiladi. Mazkur yerlardan foydalanishda 108 holatda 88,73 gektar yer maydonidan maqsadsiz foydalanib kelinganligi aniqlanib, “Er kodeksi”ning 36-moddasiga asosan ular boʻyicha viloyatning tuman va shahar hokimliklariga yer maydonlarini qaytarish boʻyicha taqdimnomalar kiritilgan.

— Shuningdek, joriy yilning 8 oyi davomida viloyatda 766 ta Yer va kadastr sohasidagi qonun buzilishlar aniqlanib, ushbu qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan berilgan ogohlantirishlardan toʻgʻri xulosa chiqarmagan fuqaro va yuridik shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jami 3 milliard 316 mln 860 ming soʻm jarimalar qoʻllanildi, — deydi Davlat Kadastrlar palatasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Otabek Toʻxtayev. — Shundan 2 milliard soʻmdan ortigʻining undirilishi taʼminlanib, qolgan 44 holat boʻyicha 206 mln. 950 ming soʻmlik jarimalar majburiy tartibda undirish uchun Majburiy ijro byurolariga yuborildi.

Taʼkidlash joiz, Yer bilan bogʻliq qonun hujjatlari va ularning ijrosini taʼminlash anchagina bilim va tajribani talab etadi. Ularning mazmun-mohiyati, talab va shartlari boʻyicha esa fuqaro va yuridik maqomdagi shaxslarimizning aksariyati ochigʻini aytsak, yuzakigina bilimga ega. Shu sabab mamlakatimizda fuqarolarning yer bilan bogʻliq mulkiy munosabatlarida huquqiy yordam koʻrsatish yoʻlida qator tadbirlar amalga oshirilib, birgina joriy yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining toʻrtta qarori qabul qilindi.

Respublika Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi hamda agentlikning Kadastrlar palatasi Navoiy viloyat boshqarmalarining Respublika Jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikdagi Matbuot anjumanida mazkur qarorlarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilib, ularni keng ommaga yetkazish va ijrosini taʼminlashda OAVlarining oʻrni alohida taʼkidlandi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер