Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

12:14 23 Oktyabr 2024 Siyosat
181 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yer uchastkalaridan samarali foydalanish, sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda yerdan oqilona va samarali foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida aholining yerga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi.

Ammo, sohada hanuz ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruriyatini yuzaga keltirdi va shu maqsadda mazkur Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan amaliyotga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganlik bilan bog‘liq qilmishlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish kabi jinoyatlar faqatgina prokuratura organlari tomonidan tergov qilinishi belgilanmoqda.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday turdagi jinoyatlarni tergov qilish nafaqat prokuratura, balki ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan ham amalga oshirilar edi.

Iqtisodiy va Fuqarolik prosessual kodekslari cudlarda o‘zboshimchalik bilan egallangan davlat egaligidagi yer uchastkalarini qaytarish hamda noqonuniy qurilmalarni buzib tashlashga oid ishlarni ko‘rib chiqishning alohida tartibini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari fuqarolik va iqtisodiy sudlarga yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi bilan bog‘liq da’vo ariza kiritishda davlat bojidan ozod etilishi belgilanmoqda.

Muhokama davomida Qonunning qabul qilinishi yer uchastkalariga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligi oshishiga, jinoyatlar bo‘yicha yetkazilgan zararning o‘z vaqtida undirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qizg‘in muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?