Yerdagi farishta

00:35 12 Mart 2021 Jamiyat
1618 0

2018-yilning iyun oyida Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida mudhish jinoyat sodir etilgan edi: giyohvandlikka berilgan shaxs xotinining umriga zomin boʻlib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Olti nafar norasida goʻdak esa boʻzlab qoldi. Marhumaning onasi bolalarni oʻz vasiyligiga olib tarbiyalay boshladi. Biroq farzand dogʻiga chidoy olmay uch oydan soʻng olamdan oʻtdi. Oʻshanda bolalar juda ogʻir ahvolda edilar. Yagona mehriboni — buvisining ham qazo qilishi ularni yana-da nochorlikka solgan edi. “Bizni kim farzandlikka qabul qilar ekan?”, deya umid koʻzi bilan qarindosh-urugʻlarga jovdiragan bolalarning iztirobini ifoda etishga soʻz ojiz. Ularni oʻz vasiyligiga oladigan qon-qarindosh esa topilmadi.

Bolalarning taqdirini oʻylab hokimiyat vakillari, mahalla oqsoqollari kengashdilar. Baʼzi farzandi yoʻq kishilar bolalarni vasiylikka olish maqsadida murojaat qildi. Kimdir suyagi qotgan, parvarishlashga qiynalmayman, ha demay yonimga kirib, yumushlarimga koʻmakchi boʻladi degan maqsadda bolalardan kattasini farzandlikka olishni xohlasa, boshqa birov hali esini tanib ulgurmagan ikki yoshli goʻdakni farzandlikka olishni, bola toki ulgʻayguncha yangi oilasiga koʻnikib ketadi, deb oʻylardi. Qolganlarini esa bolalar oʻyiga topshirish boʻyicha fikr-mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

Sodir boʻlgan mudhish voqeadan soʻng oʻzini yoʻqotib qoʻygan bolalar bir-birlaridan ayrilishni, shahardagi bolalar uyiga borishni sira ham istashmasdi. Ularga bagʻri iligʻ, tinch-totuv oila kerak edi. Buni bolalarning kichiklari anglamasa-da, 14-12 yoshni qarshilab, esini tanib qolgan Asadbek va Kumush yaxshi tushunardi.

Qodir Olloh bolalarga farishta misol mehribon ona, bagʻri iliq oila ato etdi. Ularning yon qoʻshnisi, ikki nafar farzandning onasi Mahbuba opa bolalarga gʻamxoʻrlik qilishni oʻz zimmasiga oldi. Oʻshanda endigina 32 yoshni qarshilagan Mahbuba opaga qarindosh-urugʻlari orasida “savob ishni niyat qilding, ammo sakkizta bola bilan qiynalib qolasan. Bu fikringdan qayt”, deydiganlar ham boʻldi. Mahbuba opa esa qarorida sobit qoldi. Muhimi oila boshligʻi Azamat aka Vositov uning fikrini maʼqulladi. Shundoq ham koʻngli yaram norasidalarni bir-biridan ayrilib, parokanda boʻlishiga tomoshabin boʻlib turishni xohlamadi.

 — Olti yoshligimda otam qazo qilganlar. Ota mehriga toʻymay oʻsganman, — deydi Mahbuba opa biz bilan suhbatda. — Bolalar uyida barcha sharoit va imkoniyatlar bordir. Lekin u yerda oila mehri yoʻq. Qoʻshnim bilan biz ahil-inoq edik. Biror tansiq taom pishirsak, albatta, bir-birimizga chiqarardik. Ramazon hayiti paytlari birga roʻza tutardik. Mendan yoshlari katta boʻlgani uchun opa derdim. Koʻp maslahatlar berardi. Juda sabrli ayol edi. Uylaridagi gapni, turmushdagi qiynchiliklarni hech ham birovga gapirmasdi. Taqdir ekan... Men bolalarning koʻzlaridagi mungni koʻrib, chidab turolmadim. Ular ham baxtli yashashga loyiq-ku. Bor mehrimni berishni maqsad qildim. Ollohga shukr, yomon kunlar ortda qolib, bolalarimning koʻzlarida quvonch porlayapdi. Bosh farzandim Asadbek 11-sinfda oʻqiydi, maktabni tugatgach, harbiy xizmatga bormoqchi. Qizlarim Muslima, Rahima, Kumush va Xadicha aʼlo baholarda oʻqishadi. Darsdan boʻsh vaqtlarida tikish-bichish, shirinliklar tayyorlashni oʻrganishyapti. Kichkintoylarim Ali 4-sinfda, Muhammadamin 2-sinfda oʻqiydi. Fotimaxon esa endi olti yoshi toʻldirdi.

  Azamat aka haydovchilik kasbi orqasidan oila tebratadi. Mahbuba opa uyda farzandlar tarbiyasi bilan band. Xonadonning fayzu barakasi oila bekasining saranjom-sarishtaligi, turmush oʻrtogʻiga sadoqati, bolalarga boʻlgan mehriga bogʻliq. Oila boshligʻi keltirgan mablagʻni tejab, oʻz oʻrnida sarf etish uy bekasining vazifasi. Bu borada ham Mahbuba opa oʻrnak boʻlarli ayollardan.

Shuni ham taʼkidash oʻrinliki, savobli va masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgan Vositovlar oilasiga mahalla-koʻy, tuman xokimligi vakillari doimiy ravishda oʻz koʻmaklarini berib kelmoqda. Oʻtgan yili iyun oyi karantin vaqtida Koson tuman hokimligi tomonidan bir bosh sogʻin sigir berildi. Joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyat hokimi Zoir Mirzayev Koson tumaniga tashrifi chogʻida mehridaryo ona Mahbuba Moʻminova hamda farzandlari bilan uchrashib, oilaga moddiy koʻmak ajratdi. Viloyat hokimi jamiyatimizda shunday mehr-oqibatli opa-singillarimiz, onalarimiz borligidan juda mamnun ekanligini izhor etib, Mahbuba Moʻminovani “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoniga tavsiya etishini aytdi.

 — Onajonim har kuni tongda erta uygʻonib, nonushta tayyolab qoʻyadi. Birgalikda ovqatlanamiz. Soʻng bizni maktabga kuzatadi. Darsdan qaytganimizda yana ochiq chehra bilan kutib oladi. Qanday mavzular oʻtilganligi, bizning darsda faolligimiz haqida soʻraydi. Kechki ovqatni birgalikda tayyorlaymiz. Dasturxon atrofida hammamiz jam boʻlamiz. Oilamizning borligi — baxt. Otajonim va onajonimning borligi —  quvonchim. Ilohim, ularni Olloh oʻz panohida asrasin, — deydi Mahbuba opaning qizi Kumush.

Darhaqiqat, hayotimizda odatiy hol boʻlib koʻringan, ota-onamizning duo qilib, bizni oʻqishga, ishga kuzatishi, bir dasturxon atrofida yigʻilib oʻtirishimiz ham aslida baxtdir. Chunki inson sof mehr-muhabbatni, huzur-halovatni, xotirjamlikni faqatgina oila bagʻrida topadi. Mehri quyosh taftidan-da iliq onalarni esa farishtaga qiyoslashadi. Bu fikr bejiz aytilmaganligiga olti nafar murgʻak qalb egalarini bagʻriga olib, ularga bor mehrini berayotgan Mahbuba opa yaqqol misol boʻladi.

Jobir ISMATULLOYEV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti magistranti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?