Yer yuzidagi barcha muzliklar 2100-yilga borib erib tugashi mumkin – BMT

Dunyo boʻylab muzliklarning erish tezligi hozirgidek davom etsa XXI asrning oxirlariga kelib, Yer yuzi deyarli muzliklarsiz qolishi mumkin. Bu haqida BMTning iqlim boʻyicha ekspertlari “Butunjahon muzliklar kuni” munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirdagi nutqida maʼlum qildi.
Har yili 21-mart kuni, “Butunjahon muzliklar kuni” deya eʼtirof etilib, muzliklarning Yer sayyorasi iqlim, atrof-muhit tizimidagi hal qiluvchi ahamiyati haqida masʼuliyatni oshirishga qaratilgan tadbirlar oʻtkaziladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab barcha muzliklar dunyodagi ichishga yaroqli suv zaxiralarining taxminan 70 foizini oʻzida jamlagan. Ammo har yili dunyo boʻylab 273 milliard tonna muz erib, okeanlarga quyilmoqda. Bu hajm dunyo aholisining oʻttiz yillik suv isteʼmoliga teng suv miqdorini tashkil qiladi.
Muzliklar iqlim, atrof-muhit oʻzgarishiga taʼsir oʻtkazadigan asosiy omil hisoblanib, barqaror iqlim sharoitida erimaydi. Biroq, hozirgi kunda inson omili sababli yuzaga kelayotgan global isish oqibatida muzliklarning erish maydoni katta tezlikda kengayib bormoqda. Muntazam erish oqibatida koʻplab muzliklar keskin kamayib ketyapti. Muzliklarning erish hajmi yillik koʻrsatkichda rekord darajaga yetgan. Markaziy Yevropadagi muzliklarning qariyb 40 foizi allaqachon erib ketgan.
Shuningdek, muzliklarning erish tezligi shunday davom etsa, oqibatda Afgʻonistondan Pokistongacha choʻzilgan Hindukush togʻ tizmasidagi 120 milliondan ortiq fermerlar oʻz xoʻjaliklari uchun zaruriy taʼminot boʻlib xizmat qilayotgan muzliklaridan ayrilishadi.
Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati rahbari Maykl Zempning maʼlum qilishicha, muzliklarning hozirgidek erish surati pasaymasa, Alp togʻlarida asrlar davomida saqlanib kelgan yirik muzliklar shu asrning yakunigacha butunlay yoʻq boʻlib ketadi.
Mutaxassislarning fikricha, dunyo boʻylab issiqxona gazlari chiqindilari kamaytirilmasa va harorat hozirgi surʼatda oshishda davom etsa, 2100-yil oxiriga borib, Yevropa, Sharqiy Afrika, Indoneziya va boshqa mintaqalardagi kichik muzliklarning qariyb 80 foizi yoʻq boʻlib ketishi ehtimoli yuqori.
“Biz bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Muzliklarning saqlab qolinishi dunyo boʻylab xavfsizlik, farovonlik va adolat uchun juda muhim. Keling, insoniyat manfaatlari uchun asrlar davomida muzlagan holda saqlanib kelgan hayot manbalarini asrab qolish uchun birgalikda harakat qilaylik ”, – deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring