Yer umummilliy boyligimiz va farovon hayotimiz asosidir

14:28 17 Mart 2021 Iqtisodiyot
353 0

Xalqimizning yerga boʻlgan munosabatini oʻzgartirmas ekanmiz, undan samarali foydalanib boʻlmaydi. Chunki bugungi kunda yerlarni qarovsiz qoldirish, shoʻr bosishi va korroziyaga uchrashiga koʻr-koʻrona yoʻl qoʻyilmoqda. Binobarin, yer umummilliy boyligimiz, farovon hayotimizning muhim asosi ekan, undan oqilona foydalanish borasida qonunlarimizga ham oʻzgarishlar kiritish vaqti keldi. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan keng muhokama qilingan Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Yer kodeksi loyihasi ham shular jumlasidandir.

Shu oʻrinda Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari nimalardan iborat degan savol tugʻilishi tabiiy. Hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini koʻzlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, maqsadli, oqilona, samarali foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash, saqlash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash hamda yaxshilashni, xoʻjalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shu jumladan, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat ekanligi yangi tahrirdagi Yer kodeksida oʻz aksini topgan.

Misol uchun Kodeksning 18-moddasida Xalq deputatlari Kengashlarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari belgilangan boʻlib, unda Xalq deputatlari Kengashlariga fermer xoʻjaliklariga, shuningdek, qishloq xoʻjalik korxonalariga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini olib qoʻyish, maqbullashgan fermer xoʻjaliklarining yer uchastkalarini olib qoʻyish yoki boshqa fermer xoʻjaligiga oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan foydalanayotgan va mulki boʻlgan yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish vakolati berilgan. Bundan tashqari mahalliy Kengash deputatlari maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash boʻyicha materiallarni ham tasdiqlaydilar.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tegishincha tuman (shahar) hokimlari, tegishincha viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qarorlariga asosan berilgan yer uchastkalarini olib qoʻyish vakolatiga ega ekanligi ham kodeksda belgilab qoʻyilgan.

Xalqimizni Yer kodeksi boʻyicha yana bir masala qiziqtirishi mumkin. Bu Oʻzbekiston Respublikasida yerdan foydalanganlik uchun haq toʻlanishi bilan bogʻliqdir. Bu haqda gapirganda foydalanishida, ijarasida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egaligida hamda mulkida yer uchastkalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar yerdan foydalanganlik uchun haq toʻlaydilar. Yer uchun haq har yili toʻlanadigan yer soligʻi tariqasida olinadi, uning miqdori yer uchastkasining sifatiga, joylashishiga va suv bilan taʼminlanish darajasiga qarab belgilanadi. Yer soligʻining stavkalari, uni hisoblash va toʻlash tartibi soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, endilikda yangi tahrirdagi Yer kodeksi bugungi kunda yer bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni hal etishda va barcha toifadagi yerlardan unumli foydalanishda dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Barno Mirzamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?