Yer uchastkasini olib qoʻyishda OAV ishtirokida ochiq muhokama oʻtkaziladi

11:35 28 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
357 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Biznes-Ombudsman bosh inspektori Sherzod Saidov maʼlum qildi:

— Amaldagi tartib boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori (911-son, 16.11.2019-y.) bilan Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi. Unga koʻra:

— yer uchastkasini olib qoʻyishga zarurat tugʻilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar oʻrtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama oʻtkaziladi;

— hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi oʻrganiladi;

— Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qoʻyilishidagi foyda va xarajatlar oʻrganib chiqiladi, resurslar yetarli boʻlganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi;

— Hokimliklar yer uchastkasi olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;

— olib qoʻyilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasidagi koʻchmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;

— hokimlik yoki investor va mulkdorlar oʻrtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;

— hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensatsiya berish ishlari amalga oshiriladi;

— kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha koʻchmas mulklar buzib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mulkdorlarga kelishilgan kompensatsiya berilganidan soʻng:

▫️mulkdor tomonidan koʻchmas mulk boʻshatib beriladi;

▫️hokimliklar tomonidan koʻchmas mulkni buzib tashlash toʻgʻrisidagi qaror loyihasi adliya organlariga xulosa olish uchun yuboriladi;

▫️adliya organlari kompensatsiya berilgani, uy-joylar amalda toʻliq boʻshatilgani va boshqa holatlarni oʻrganadi, soʻng oʻz xulosasini hokimliklarga taqdim etadi;

▫️adliya organlarining xulosasi ijobiy boʻlgan taqdirdagina koʻchmas mulkni buzib tashlash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?