Yer uchastkalarini xususiylashtirishda qanday yangiliklar kutilyapti?

10:11 20 Avgust 2021 Iqtisodiyot
152 0

Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishida atroflicha javob berildi.

Unda dastlab “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, sohaga oid huquqiy eksperiment yakunlari natijasida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish kerakligini koʻrsatuvchi omillar aniqlangan. Xususan, respublikamiz fuqarolari tomonidan, ularga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati mavjud emasligi, yer bozorini toʻliq shakllantirishga hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishda teng huquqlarni berishga imkon bermasligi maʼlum boʻlgan.

Shuningdek, xususiylashtirilgan yer uchastkalarining qiymatini aniqlashning moslanuvchan tizimining yoʻqligi aholining keng qatlami uchun xususiylashtirishning jozibadorligi va hammabopligini oshirishga imkon bermayapti. Bu kabi bir qator omillar hamda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning ayrim normalarining nomuvofiqligini va notoʻgʻri talqin etilishini bartaraf etish lozimligi qonun loyihasini ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 29 ta moddasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar hamda 2 ta yangi modda kiritish koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, yerni xususiylashtirish boʻyicha arizalarni inson omili taʼsir qilmaydigan tarzda topshirish va koʻrib chiqish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun, ularga berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqini berish, kichik sanoat zonalari, xususiylashtirilishi mumkin boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bogʻliq bir qator toʻldirishlarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Yigʻilishda qonun loyihasi qizgʻin muhokama qilinib, fraksiya aʼzolari loyihadagi bir qancha bahsli masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Deputatlar tomonidan oʻrtaga tashlangan savollar ochiq qolgani, loyiha boʻyicha koʻplab tushunmovchiliklar kelib chiqqani tufayli qonun tashabbuskorlari va masʼul qoʻmita tomonidan xalq vakillari ishtirokida seminar oʻtkazilganidan soʻng, fraksiyaning navbatdagi yigʻilishi kun tartibiga kiritiladigan boʻldi.

Yigʻilishda shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida»gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari ham muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?