Yer sohasidagi islohotlar — tenglik va shaffoflikni taʼminlashning muhim omili

14:53 31 Avgust 2021 Iqtisodiyot
293 0

Yerlardan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish, bunda barchaga teng imkoniyatlar yaratish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash davlatning asosiy vazifalaridan biridir.

Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish, shu jumladan, qonun hujjatlarini takomillashtirish, yerdan oqilona foydalanish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish hamda yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini muntazam oʻrganib borish, sohada huquqni qoʻllashning yagona amaliyotini shakllantirish borasida Qashqadaryo viloyat prokuraturasi organlari tomonidan keng qamrovli va tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Jumladan, joylarda qishloq aholisi bilan uchrashuvlar davomida Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 8-iyun kuni qabul qilingan “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda ushbu Farmonning mantiqiy davomi sifatida qabul qilinayotgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ham mazmun-mohiyati tushuntirib borilmoqda.

Xususan, endilikda hokimiyatlarning yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, zaxiralash, obodonlashtirishga ajratish va boshqa vakolatlari bekor qilinganligi, yerga boʻlgan huquqlar qisqartirilganligi hamda yer uchastkalari xususiy sektorga mulk huquqi va ijara huquqi asosida berilishi, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida berilishi aholi eʼtiboriga yetkazilmoqda.

Bundan buyon mahalliy davlat hokimiyati organlari yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish yoki yerlarni tasarruf qila olmaydilar.

Shuningdek, Farmon bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar ham mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi taʼkidlanmoqda.

Ayniqsa, barcha hollarda yer uchastkalari faqat boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratilishi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanishi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishi qatʼiy belgilanayotgani sohada muhim tartib yaratilishiga xizmat qilishi aytib oʻtilmoqda.

Shuningdek, muloqot mobaynida, yer munosabatlari sohasida adolatni taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish, inson omilining kamayishi, ortiqcha sarsongarchilikning oldini olish maqsadida endilikda elektron onlayn-auksion va ochiq tanlovga qoʻyish uchun yer uchastkalarini tanlash, kelishish, auksion va tanlovda ishtirok etish uchun murojaatlarni qabul qilish, auksion va tanlovni oʻtkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar istisnolarsiz faqat elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda, elektron hujjat almashinuvi yoʻli bilan amalga oshirilishiga ham alohida urgʻu berilmoqda.

Shuni ham taʼkidlash joizki, ushbu Farmoni ijrosi yuzasidan 27-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining 543-son qarori bilan
Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglament talablariga muvofiq, endilikda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qaroriga muvofiq davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Qishloq xoʻjaligi maqsadlariga moʻljallangan yerlar davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ajratilmaydi. Agar ajratilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasi qishloq xoʻjaligi maqsadlariga moʻljallangan yerlar toifasiga kirsa, avval ushbu yerlarni Yer kodeksida belgilangan tartibda boshqa yer toifasiga oʻtkazish masalasi hal etiladi.

F. Otayev,
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi
boʻlim katta prokurori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?