Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish tartib-taomillari takomillashtirilmoqda

18:27 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
374 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yigʻilishida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari atroflicha muhokama qilindi.

Dastlab deputatlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasinig ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Deputatlar ushbu qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida uning bugungi kundagi ahamiyati va zaruratiga alohida eʼtibor qaratdi. Partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Qizgʻin muhokamalardan soʻng, mazkur qonun loyihasi maʼqullandi.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanuvchilar uchun minimal talablar aniq va ochiq tarzda keltirib berilmoqda. Qolaversa, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish tartib-taomillari takomillashtirilyapti.

Xususan, geologik jihatdan oʻrganish oʻtkazilmagan va kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimi joriy etilmoqda. Bunda yer qaʼridan foydalanish uchun ruxsatnomalar talabgorning murojaatiga muvofiq “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida shaffof mexanizmlar orqali onlayn tarzda berilishi mustahkamlanyapti.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha bir qator takliflar berishdi. Ilgari surilgan takliflar ushbu hujjatni maromiga yetkazishga xizmat qilishi eʼtiborga olinib, mazkur hujjat qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?