YEOII tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olish — Oʻzbekiston uchun muvozanat nuqtasi

14:20 17 Dekabr 2020 Siyosat
1348 0

Oʻtgan haftada boʻlib oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishida YEOIIga aʼzo mamlakatlar yetakchilari Oʻzbekiston Respublikasiga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qildilar. Qayd etish kerak, ayni paytda deputatlik korpusi, keng jamoatchilik ushbu qarorni qoʻllab-quvvatlashmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir JUMAYEV bilan suhbatimiz mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotini rivojlantirishdan kutilayotgan natijalar, istiqboldagi rejalar xususida boʻldi.

— Nodir Xosiyatovich, bilamizki, YEOII yirik xalqaro tashkilot. Keling, eng avvalo, uning maqsad va vazifalariga toʻxtalib oʻtsangiz.

— Darhaqiqat, YEOII — 2014-yilda Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, bu Ittifoqqa 2015-yilda Armaniston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi aʼzo boʻlib kirgan, 2018-yildan eʼtiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega. Shuningdek, YEOII Vyetnam, Xitoy, Eron kabi davlatlar bilan erkin savdo kelishuvlarini imzolagan boʻlib, mohiyatan mazkur davlatlar bilan yagona tashqi savdo siyosatini amalga oshirilishini anglatadi.

YEOIIning maqsadi — aʼzo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, YEOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va oʻzaro kooperatsiyani rivojlantirishdir.

Shu oʻrinda, YEOIIning iqtisodiy tashkilot ekanligini alohida taʼkidlash joizdir. Bu jihat YEOIIga aʼzo davlatlar suverenitetiga taʼsir etmasligi, davlatlarning biri tomonidan boshqasiga hatto iqtisodiy tazyiq oʻtkazilishi mumkin emasligidan dalolat beradi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalalari joriy yil boshida parlamentda qizgʻin muhokama qilingan, qarama-qarshi fikrlar bildirilgan edi. Sizningcha, tashkilot huzurida kuzatuvchi davlat maqomini olishda deputatlik korpusining hissasi qanday boʻldi?

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida parlament palatalari oldiga mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni taqdim qilish vazifasini qoʻygan edi. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalaga, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib yondashdik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik qay darajada manfaatli, degan savol keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinganda, agar eslasangiz, tarafdorlar YEOIIga aʼzo boʻlish bugungi globallashuv paytida iqtisodiy taraqqiyotimizni taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlashgan boʻlsa, bunga qarshi fikr bildirganlar esa, bu jarayon sezilarli darajada iqtisodiy yoʻqotishlarga olib kelishi mumkinligini aytishgandi. Umuman olganda, har ikki tomon ham, avvalo, mamlakatimiz manfaatlariga mos qaror qabul qilinishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, takliflar kiritishgan edi.

Ochigʻini aytishim kerak, aholiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida ushbu masalalar chuqur oʻrganildi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida, yalpi majlisida atroflicha koʻrib chiqildi. Har tomonlama olib borilgan oʻrganishlardan soʻng, mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida hamkorlik qilishi toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan maʼqullandi.

Albatta, bu xulosaga keng muhokamalar natijasida kelindi. Xalqimiz va saylovchilar fikri inobatga olindi. Shuningdek, iqtisodchilar, huquqshunoslar, iqtisodiyot tarmoqlari va jamoatchilik vakillari, siyosiy partiyalar tomonidan bildirilgan yakuniy xulosada ham bu masalani chuqur oʻrganish, hozirgi sharoitda kuzatuvchi maqomida boʻlish eng maqbul holat ekanligi bildirib oʻtildi. Xalqimizning anʼanalariga muvofiq, katta ish oldidan koʻpchilik bilan kengashib olindi. Takror aytishim kerak, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanildi.

Shubhasiz, bu boradagi ishlarimiz shu bilan toʻxtab qolmaydi. Bu masala parlamentning doimiy eʼtiborida boʻladi. Ayni paytda kuzatuvchilik maqomida oʻzimizga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha aniq strategiyani belgilab olishimiz, “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishimiz maqsadga muvofiq.

— Oʻzbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar beradi yoki qanday majburiyatlar yuklaydi?

— Oʻzbekiston oʻzining kuzatuvchiligi davomida bir qator imkoniyatlarga ega boʻlishi alohida ahamiyatga ega. Eng avvalo, Ittifoqning barcha sammitlarida ishtirok etish va joriy islohotlardan bevosita xabardor boʻlish, aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarini tartibga solish mexanizmini kuzatish, aʼzo mamlakatlarning oʻzaro ziddiyatli iqtisodiy munosabatlarning hal etilishi jarayonini kuzatish kabi imkoniyatlarga ega boʻladi.

Kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi. Aksincha, YEOII aʼzo davlatlarining yagona qarorlarini oʻrganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi. YEOII davlatlari majlislari maʼlumotlarini bevosita olish (kerak boʻlsa, bevosita ishtirok etish) va uni Oʻzbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi.

Kuzatuvchi maqomidagi ishtirokimiz qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etmasak-da, bizga YEOIIning hamma ishchi organlarida bemalol fikr bildirish huquqini beradi.

Yana bir muhim jihat, kuzatuvchilik davridagi vaqt mobaynida maʼlum yoʻnalishlarda ortda qolgan islohotlarni izchil yoʻlga qoʻyib olish, aʼzo mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish, muqarrar raqobat sharoitiga aniq maqsadlar bilan tayyorgarlik koʻrishimiz hamda xalqaro bozorda oʻz oʻrnimizni topish choralarini kuchaytirish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Shuningdek, xalqaro moliya bozori, investorlar, donor mamlakatlarning investitsion loyihalarini yoki mablagʻlarini jalb qilishda qisqa, oʻrta va uzoq muddatli davrgacha strategik maqsadlarni hisobga olishimiz zarur boʻladi.

— Kuzatuvchilik maqomidan soʻng YEOIIga aʼzo boʻlib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjudmi? Sizningcha, mazkur pozitsiyada Oʻzbekiston qanday namoyon boʻladi?

— Davlatimiz rahbari shu yil 11-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi muhim bosqichida Oʻzbekiston barcha xalqaro sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni izchil kengaytirib borish, shu jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan muloqotni rivojlantirish tarafdori ekanini alohida qayd etdi. Shuningdek, YEOII mamlakatlari, eng avvalo, Oʻzbekistonning asosiy, tabiiy savdo sheriklari ekani, keyingi yillarda yurtimizning tashkilot davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortgani taʼkidlab oʻtildi. Bu Ittifoq bilan hamkorlikning Oʻzbekiston uchun ahamiyatini koʻrsatib beradi.

Fikrimizcha, YEOII ham Oʻzbekistonning hamkor boʻlishidan manfaatdor. Chunki, Oʻzbekiston kabi salmoqli va Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat bilan hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilishi YEOIIning ham nufuzini oshiradi.

Kuzatuvchilik maqomidan soʻng YEOIIga aʼzo boʻlib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas. Bunda, albatta, xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, “Yetti oʻlchab, bir kesiladi”.

Qayd etish kerak, Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo mamlakat sifatida qoʻshilishi ayrim murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Xususan, import qilinuvchi mahsulotlar narxining tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi oʻrnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega boʻlgan tarmoqlarning bozordagi oʻrni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, Ittifoq doirasida umumiy bojxona tariflarining oʻrnatilishi ortidan baʼzi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.

Ishchi kuchining chiqib ketishi yana-da jadallashadi. Chunonchi, Oʻzbekiston va YEOIIning yirik iqtisodiyotlari oʻrtasida ish haqi hajmi boʻyicha sezilarli tafovutlar borligi tufayli mamlakatimizda ishchi kuchining xorijga koʻchishi yuzaga keladi. Bu esa, qishloq xoʻjaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq toʻlashning qimmatlashuviga olib keladi.

Shuningdek, geosiyosiy maydondagi oʻzgarishlar natijasida YEOIIga aʼzo mamlakatlarning biriga iqtisodiy sanksiyalarning qoʻllanilishi Oʻzbekiston iqtisodiyotini chetlab oʻtmasligiga sharoit yuzaga keladi. Ittifoqning yirik iqtisodiyotlari mazkur sharoitda demping siyosati orqali oʻz mahsulotlarini Ittifoq mamlakatlariga sotishga harakat qiladi. Natijada, bizning mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligiga taʼsirlar jiddiylashadi.

Ushbu murakkabliklar bilan birga, boshqa ehtimoliy xatarlar ham mavjud boʻlishi mumkin.

Ittifoqning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 3 foizdan ortiq boʻlib, bu taxminan Germaniya iqtisodiyotiga teng ekanligini anglatadi. Shunday boʻlsa-da, jahon eksportyorlari ichida Xitoy va AQSHdan keyingi uchinchi mamlakat hisoblanib, Germaniya dunyo eksportida 9 foizni amalga oshirishi bilan ajralib turadi. Qayd etish lozim, mazkur davlatning asosiy savdo hamkorlari Yevropa Ittifoqi mamlakatlari boʻlib, Germaniya eksportining salkam 70 foizini tashkil qiladi. Bu shundan dalolat beradiki, har qanday mamlakat oʻz atrofida joylashgan va masofaviy jihatdan yaqin boʻlgan iqtisodiyotlar bilan savdo munosabatlarini yoʻlga qoʻyishi manfaatlidir. Mazkur qoida dunyo iqtisodchi olimlari tomonidan “mamlakat YAIMda tashqi savdoning ulushi uning savdo hamkorlari bilan oʻrtadagi masofalarga teskari proporsional ekanligi” asoslab berilganligi bilan izohlanadi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo sifatida kirib borishi qator afzalliklarga egaligini qayd etish kerak.

Ayonki, mamlakatimiz eksportida yengil sanoat va toʻqimachilik mahsulotlari tabiiy resurslar va rangli metallardan keyin uchinchi tashqi savdo yoʻnalishi hisoblanadi. Shu bois, mazkur Ittifoq aʼzo mamlakatlarida ushbu tarmoqda yetakchining aniq emasligi Oʻzbekistonga bu boradagi nisbiy ustunlikni taqdim etadi. Bu esa, mazkur yoʻnalishni yana-da raqobatbardosh qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Boshqa jihatdan, YEOII Turkiya bilan erkin savdo kelishuvi mavjud emasligi va istiqbolda shartnoma tuzish nazarda tutilmaganligi mamlakatimizning bozordagi oʻrniga ijobiy taʼsir etadi. Lekin, 2015-yildan boshlab Xitoy va YEOII oʻrtasida erkin savdo kelishuvi mavjudligi inobatga olinsa, Oʻzbekistonda yengil sanoat sohasida qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarga yetib borishga boʻlgan zaruratni keskinlashtiradi.

Oʻzbekiston importining 1/3 qismini mashinalar, uskunalar va mexanizmlar tashkil etishini inobatga olsak, YEOII mamlakatlaridan qilinayotgan import mahsulotlar hajmi yuqori emasligi maʼlum boʻladi. Importning asosiy qismini tashkil etuvchi ushbu yoʻnalishdagi asosiy hamkor — bu Xitoy ekanligi inobatga olinsa, mazkur tovarlarning narxi tushishi va natijada, import xarajatlarining kamayishiga erishilishi mumkin.

Oʻzbekistonliklarga qulay viza rejimining taqdim etilishi nafaqat Ittifoq mamlakatlariga mehnat qilish uchun, balki yashash uchun ham joylashishlariga yengilliklarni vujudga keltiradi. Bu esa, nisbatan zich demografik joylashuviga ega boʻlgan Oʻzbekistonga aholi sonini Ittifoq davlatlariga samarali taqsimlash imkonini beradi. Shuningdek, oʻzbekistonliklar boshqa mamlakat fuqarolari bilan teng sharoit va huquqlar bilan mehnat qilishning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi. Bu, birinchidan, fuqarolarimizda mehnat qilish malakasi va tajribasi oshishiga imkoniyat yaratadi. Ikkinchidan, toʻlov balansining joriy operatsiyalar balansi, xususan, transfertlar boʻyicha vaziyatning barqarorlashuviga olib keladi. Uchinchidan, oʻzbekistonliklar oʻz oilasini birgalikda olib ketishi uchun sharoit yuzaga kelishi natijasida turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning yuzaga kelishi kamayadi.

— YEOIIni umumiy bozor, deb hisoblasak, unga aʼzo mamlakatlar oʻz iqtisodiy salohiyatining samaradorligi va oʻsishini oshirishdan manfaatdor boʻladi. Bunday aylanmadagi mahsulotlarning xavfsizligi texnik reglamentlarni qoʻllash orqali taʼminlanadi. Bu nima uchun kerak?

— Avvalo, texnik reglamentlarni realizatsiya qilish vositalarini takomillashtirish mahsulot sifatini oshirishga hamda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqilishini rivojlantirishga imkon beradi.

YEOII mamlakatlarida hozirgi paytda 48 ta texnik reglament amal qiladi. Ulardan 5 tasi Oʻzbekiston Respublikasining tegishli texnik reglamentlari bilan aynan oʻxshash talablarga ega, 14 ta texnik reglamentda farqlar mavjud, 28 ta reglamentga aynan oʻxshashi Oʻzbekistonda mavjud emas.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 44 ta texnik reglament qabul qilingan. Texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturiga muvofiq, 2023-yilgacha yana 42 ta texnik reglament qabul qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan 13 tasi 2020-yilda qabul qilinadi. Shu bois, xalqaro meʼyor va qoidalar bilan uygʻunlashtirish maqsadida bugungi kunda amaldagi texnik reglamentlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilishida ham xalqaro talablar hisobga olinadi.

Mazkur chora-tadbirlar Oʻzbekistonda YEOII texnik reglamentlari meʼyorlarining bosqichma-bosqich qabul qilinishi va joriy etilishi korxonalarimizning iqtisodiy maydonda raqobatga tayyorligini oshiradi va uchinchi davlatlarning bozoriga chiqish imkoniyatini yaratadi.

Aʼzo davlatlar oʻz hududlarida YEOIIning texnik reglamentlari talablariga javob beradigan mahsulotlar, unga qoʻshimcha talablar qoʻymasdan va qoʻshimcha muvofiqlikni baholash protseduralarini oʻtkazmasdan aylanishini taʼminlaydi.

YEOIIda texnik reglamentlar yoki milliy majburiy talablar faqat Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan yagona roʻyxatga kiritilgan mahsulotning muayyan turiga nisbatan qoʻllaniladi. Ittifoqning barcha aʼzo davlatlarida reglamentlar kuchga kirgan paytdan boshlab tovar undan chiqarib tashlanadi.

Shunday qilib, YEOII doirasidagi texnik jihatdan tartibga solish ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida savdoni rivojlantirishning muhim vositasidir. Biroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida texnik jihatdan tartibga solish tizimining yaratilishi hali yakunlanmagan.

Aholining turmush darajasini va tashqi savdoni rivojlantirish darajasini oshirish uchun texnik jihatdan tartibga solish imkoniyatlaridan foydalanish, texnik jihatdan tartibga solish milliy standartlarini xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish, tizimdagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida mahalliy biznesni xabardor qilishni rivojlantirish talab etiladi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi texnik toʻsiqlarni minimallashtirishga va YEOII aʼzo mamlakatlari oʻrtasida savdo qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga yordam beradi.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, davlatimiz rahbari sammitdagi nutqida mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining ulkan salohiyatidan toʻliq hajmda foydalanish, savdo munosabatlaridagi toʻsiq va gʻovlarni birgalikda bartaraf etish, oʻzaro saʼy-harakatlar bilan yangi bozorlarni shakllantirishga chaqirgani bejiz emas.

Umuman aytganda, Oʻzbekistonning YEOII tarkibida kuzatuvchi davlat maqomini olishi har jihatdan keltirilayotgan argumentlarni tubdan, asosli, ilmiy oʻrganish imkonini beradi.

Ziyoda ASHUROVA suhbatlashdi
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?