Eng zavqli mashgʻulot – qalbingni tozalash — Eshqobil Shukur

16:17 05 Avgust 2022 Jamiyat
323 0

Foto: Xalq so‘zi

Termiz shahridagi Sanʼat saroyida isteʼdodli shoir va nosir, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukurning 60 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyat hokimi Toʻra Bobolov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin Aʼzam, taniqli shoirlar Shodmonqul Salom, Mahmud Toyir, Salim Ashur, professor-oʻqituvchilar, Eshqobil Shukurning safdoshlari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan Eshqobil Shukurning bugungi kunga qadar “Yurakni oʻrganish”, “Sochlari sumbul-sumbul”, “Tungi gullar”, “Yashil qushlar”, “Hamal ayvoni”, “Koʻhna bogʻ rivoyatlari”, “Koʻz yumib koʻrganlarim”, «Bobosoʻz izidan», “Asr afsonalari” kabi oʻnlab kitoblari oʻquvchilar qoʻliga yetib borgan.

Eshqobil Shukur ijodining ilk davridayoq adabiyot ixlosmandlari nazariga tushib, qalblarga yaqin, samimiyatga yoʻgʻrilgan sheʼrlari, nasriy asarlari sevib oʻqib kelinadi. U 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlandi. Ijodiy, maʼrifiy-maʼnaviy faoliyati “Oltin qalam” xalqaro mukofotiga ham loyiq topilgan. Shoir joriy yilda Istanbulda boʻlib oʻtgan Turkiy xalqlar sheʼriyati xalqaro festivalida 20 dan ortiq mamlakatlar vakillari ichida Bosh mukofotni qoʻlga kiritdi. Shoir sheʼrlari Amerika, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Ukraina, Hindistondagi nashrlarda eʼlon qilingan. Eshqobil Shukur ayni paytda “Maʼnaviy hayot” jurnalining bosh muharriridir.

Darhaqiqat, yubiley tadbirida bot-bot taʼkidlanganidek, Eshqobil Shukur oʻzbek sheʼriyatida oʻz oʻrniga, boshqa hech bir shoir bilan adashtirib yubormaydigan ovozga ega shoir. U fikr va hayajon shoiridir.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?