“Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” tanlovining Mirobod tumani bosqichi gʻolibi aniqlandi

04:23 16 Avgust 2022 Jamiyat
659 0

Prezidentimiz rahbarligida xotin-qizlarni har taraflama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash borasidagi dolzarb vazifalar toʻgʻrisida 2022-yilning 1-mart kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishining bayonida Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika komissiyasiga bir qator vazifalar topshirilgan.

Bundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov mutasaddiligidagi Respublika komissiyasi masʼulligida “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” Respublika tanlovining Nizomi ishlab chiqilib, unga asosan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” koʻrik tanlovi eʼlon qilingan edi. Nizomga muvofiq mazkur tanlovning tuman bosqichi joriy yilning iyul-avgust oylarida, hududiy bosqichlar esa sentyabr oyida oʻtkazilishi belgilangan.

Mazkur tanlovning asosiy maqsadiOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Ayollar daftari” tizimi yoʻnalishidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlash va samaradorligini oshirish, xususan, xotin-qizlar muammolarini “xonadonbay” va “mahallabay” oʻrganish va hal etishga koʻmaklashish, jamiyatimizdagi ayollarning oʻrni va mavqeini oshirishda mahallalardagi xotin-qizlar faollarining rolini oshirish, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash borasida salmoqli natijalarga erishayotgan mahallalardagi xotin-qizlar faollari tajribasini ommalashtirish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ehtiyojmand xotin-qizlar bandligi va doimiy daromad manbaiga ega boʻlishlarini taʼminlash orqali ularni kambagʻallikdan chiqarish ishlariga munosib hissa qoʻshish, shuningdek, “Ayollar daftari” tizimi doirasida xotin-qizlarning muammolarini hal etish boʻyicha oʻzining fidokorona mehnati bilan barchaga namuna koʻrsatayotgan mahalla xotin-qizlar faollarini munosib ragʻbatlantirishdan iboratdir.

Kuni kecha “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” tanlovining Mirobod tumani bosqichi va uning gʻoliblarini taqdirlash tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda tumandagi barcha mahallalarning xotin-qizlar faollari, sektorlar kesimida tanlovda gʻolib boʻlgan mahalla xotin-qizlar faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda tuman aholisi ishtirok etdilar.

Taʼkidlash joizki, sektorlar kesimida tashkil etilgan bellashuvlarda Mirobod tumanining 1-sektoridagi 9 ta mahalla xotin-qizlar faoli oʻrtasida “Fayziobod” mahallasi xotin-qizlar faoli Dilnoza Gʻulomova, 2-sektordagi 10 ta mahalla xotin-qizlar faollari orasida «Salar» mahallasining xotin-qizlar faoli Laylo Adilova, 3-sektordagi 10 ta mahalla xotin-qizlar faollari oʻrtasida “Birodarlik” mahallasi xotin-qizlar faoli Saodat Normuratova, 4-sektordagi 10 ta mahalla xotin-qizlar faoli ichida “Yuksalish” mahallasi xotin-qizlar faoli Margʻuba Xalilova eng yaxshi deb topilib, tanlovning tuman bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan edilar.

Sektorlar boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan mahallalar xotin-qizlar faollarining tuman bosqichidagi bellashuvlari ham nihoyatda qizgʻin kechdi.

Xususan, hakamlar hayʼati ular faoliyatini xotin-qizlar faollarining xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, “Ayollar daftari” tizimi orqali ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari, xotin-qizlar bandligini taʼminlashdagi tashabbuskorligi, amalga oshirayotgan ishlari hamda mahalladagi oila va xotin-qizlar bilan bogʻliq komissiyalar faoliyati samaradorligi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va jamoatchilik vakillari bilan oʻrnatilgan oʻzaro hamkorlik tizimining samaradorligi kabi mezonlardan kelib chiqqan holda baholadilar.

Shuningdek, sektorlar kesimida gʻolib boʻlgan mahalla xotin-qizlar faollari “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli” koʻrik tanlovining tuman bosqichida 3 ta shart – oʻzini tanishtirish, savol-javoblar va erkin mavzudagi sahna koʻrinishlarini namoyish etish boʻyicha oʻz mahoratlarini ham namoyon etdilar.

Xususan, 1-shart, yaʼni oʻzini tanishtirish shartida faollar oʻz faoliyatlari toʻgʻrisida hikoya qiluvchi tahliliy va statistik maʼlumotlardan iborat videorolik tayyorlab, yigʻilganlar eʼtiboriga havola etdilar.

2-shart boʻyicha ular oʻz faoliyatlari, shuningdek, “Ayollar daftari” tizimi yoʻnalishida olib borilayotgan ishlarning tartib tamoyillari bilan bogʻliq savollarga javob berdilar.

Erkin mavzudagi sahna koʻrinishidan iborat 3-shartda esa ishtirokchilar bugungi kunning dolzarb mavzularidagi chiqishlari orqali xotin-qizlar hayotida yuz berayotgan muammolar va ularning yechimlariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Tuman bosqichi ishtirokchilarini baholashda jamoatchilik fikriga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mahalla xotin-qizlar faollarining mazkur uchala shartdagi ishtiroklari hamda toʻgʻri javoblari, baholash mezonidagi koʻrsatkichlar boʻyicha olib borayotgan ishlari hamda ularni tasdiqlovchi hujjatlar oʻrganilgach “Yuksalish” mahalla xotin-qizlar faoli Margʻuba Xalilova hakamlar hayʼati tomonidan tanlovning Mirobod tuman bosqichi gʻolibi deb topildi.

Tanlovda birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan mahalla xotin-qizlar faollari Kasaba uyushmalari va tuman hokimligi diplomi hamda qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Birinchi oʻrinni egallagan gʻolib tanlovning Toshkent shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?