“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus” tanlovining gʻoliblari taqdirlandi (foto)

10:49 05 Mart 2022 Jamiyat
571 0

Foto: Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

Kecha, 4-mart kuni Oliy Majlis Senatida “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbus” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati maʼlum qildi.

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva ochar ekan, mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tashabbuslarni amalga oshirishga, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlashga, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirishga alohida eʼtibor berilayotganini hamda bu borada keng imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi.

Ushbu tanlov yurt taqdiriga, jamiyat rivojiga befarq boʻlmagan vatandoshlarimizni, rahbar kadrlar va ishbilarmonlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi qayd etildi.

Koʻrik-tanlovning tuman (shahar)lar bosqichida 3072 nafar, hududiy bosqichida esa 792 nafar ishtirokchi quyidagi nominatsiyalar boʻyicha bellashdi:
"Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruvi organi”;

“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti”;

“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik subyekti”;

“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro”;

“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik”.

Final bosqichida esa mamlakatimizning 14 ta hududidan yuqori natijalarga erishgan, jamiyat rivoji yoʻlida tashabbus koʻrsatayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlashda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hokimliklar, davlat boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslar ishtirok etdilar.
Gʻoliblarni aniqlashda Respublika komissiyasi ishtirokchilar hujjatlarini koʻrib chiqib, besh nominatsiya boʻyicha qabul qilingan tegishli hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlanganligi, ijtimoiy tashabbus koʻrsatilganligi, fuqarolar bilan ishlashda yangicha innovatsion yondashuvlarning qoʻllanilganligi hamda targʻibot-tashviqot ishlarining olib borilganligi kabi mezonlarga eʼtibor qaratipldi.
Tanlov natijalariga koʻra “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor davlat boshqaruvi organi” nominatsiyasida 1-oʻrinni Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati Kitob tumani boʻlimi, 2-oʻrinni Buxoro viloyati Vobkent tumani xalq taʼlimi boʻlimi, 3-oʻrinni Toshkent viloyati Zangiota tumani 32-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qoʻlga kiritdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor nodavlat notijorat tashkiloti” nominatsiyasida esa 1-oʻrin Xorazm viloyatidagi “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasiga, 2-oʻrin Andijon viloyatidagi “Mehrimiz sizga” nodavlat notijorat tashkilotiga, 3-oʻrin Buxoro viloyati “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hududiy boʻlinmasiga nasib etdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor tadbirkorlik subyekti” nominatsiyasida 1-oʻrin Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Mirshodi Koʻzmunchoqlari” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga, 2-oʻrin Toshkent shahridagi “COMFORT ENJINEERING GROUP” MCHJ, 3-oʻrin Toshkent viloyatidagi “INDIVID” nodavlat taʼlim muassasasiga nasib etdi.
“Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor fuqaro” nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻrin Andijon viloyatidagi “Robocode” dasturlash akademiyasidan Abdulaziz Yakubovga, 2-oʻrin Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidagi “SITORA IMKON PLYUS” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari Nargiza Salomovaga va Fargʻona viloyati xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashi deputati, “Grant diamond fruits” oilaviy korxonasi rahbari Abdullajon Isaqovga, 3-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi, bloger Ali Egamberdiyevga va Buxoro viloyatidan tadbirkor Halimjon Safarovga nasib etdi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi ijtimoiy tashabbuskor hokimlik” nominatsiyasida 1-oʻrinni Jizzax viloyati Doʻstlik tumani hokimligi, 2-oʻrinni Toshkent shahar Yangi hayot tumani hokimligi, 3-oʻrinni Navoiy viloyati Navbahor tumani hokimligi egalladi.
Gʻoliblar I, II, III darajali diplomlar va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda homiy tashkilotlarning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?