“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”

22:22 29 Avgust 2020 Jamiyat
540 0

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Mustaqilligimizning 29 yilligi tantanalari «Sen-qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» shiori ostida keng nishonlanmoqda. Taʼkidlash joiz, Mustaqillik bizga tilimiz, dinimiz, tariximiz, milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi, ulugʻ ajdodlarimizning necha asrlik orzu niyatlari, maqsadlarini roʻyobga chiqardi. 

Bugun mamlakatimizda xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti yoʻlida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yoshlar taʼlim-tarbiyasini mustahkamlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayollarimizning ogʻirini yengil qilish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar tinchligi, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Albatta, bunday ezgu maqsadlarga esa faqatgina oqilona siyosat, toʻgʻri qabul qilingan qaror va farmonlar, ularning ijrosini toʻla taʼminlash bilangina erishamiz.

Xalqona islohotlarning davomiyligi yana bir hujjatda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 24-yanvardagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida yaqqol oʻz aksini topdi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” deya iqtibos keltirib, oldimizga koʻplab maqsad va vazifalar belgilab beradi. Xususan:

— bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini joriy yilda 60 foizga yetkazish va buning uchun byudjetdan qariyb 1,8 trillion soʻm mablagʻ ajratish;

— bu yildan boshlab, ilk bor 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimi joriy qilinishi, bunga byudjetdan 130 milliard soʻm ajratilib, bu jarayonda xususiy maktabgacha taʼlim muassasalari ham bevosita ishtirok etishi;

— 2020-yilda byudjetdan ajratiladigan 1,7 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 36 ta yangi maktab qurish, 211 tasini kapital taʼmirlash, shuningdek, 55 ta xususiy maktab tashkil etib, ularning sonini 141 taga yetkazish;

— joriy oʻquv yilidan boshlab, mutlaqo yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilib, 340 ta kasb-hunar maktabi, 147 ta kollej va 143 ta texnikum tashkil etish;

— oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilishda davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytirish;

— qizlarimiz uchun alohida grantlar ajratilishi;

— joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart -sharoitlar yaratib berilishi shular jumlasidandir.

Germaniyaning birinchi kansleri Otto fon Bismark “Agarda kim maktablar qurilishidan mablagʻlarni iqtisod qilsa, u oʻsha mablagʻlarga qamoqxonalar quradi”, deya taʼkidlagan ekan. Shu maʼnoda, mamlakatimizda taʼlim va tarbiya sohasiga mablagʻlarni keragicha ajratilayotgani koʻngilni xotirjam qiladi.

Murojaatnomada bayon qilinganidek, har bir maqsad va vazifani amalga oshirishga Oʻzbekistonda yashayotgan har bir fuqaro masʼul va javobgardir.

Shu oʻrinda bizga meros boʻlgan qadriyatlarimiz, buyuk tariximiz, madaniyatimiz va mustaqilligimizni kelajak avlodga yetkazib berish eng asosiy burchimizdir. Aks holda bizni kelajak avlod kechirmaydi.

Zafar ABDIRIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiya aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?