Eng kam yillik mehnat taʼtili muddati uzaytirildi

19:20 03 Noyabr 2022 Jamiyat
562 0

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.

Quyi palata deputatlari va Devon xodimlari ishtirok etgan seminarda yangi Kodeksning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish, uning ijrosini taʼminlashda deputatlik korpusi oldida turgan ustuvor masalalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli oʻzgarishlar boʻldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli tizimli ishlar olib borildi.

Mehnat kodeksi mehnatga oid munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladigan asosiy qonun hisoblanadi. Lekin 1995-yilda qabul qilingan ushbu Kodeks mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash, ish bilan taminlashning zamonaviy shakllari hamda kasb-hunarga oʻqitish tizimlarini joriy etish borasidagi keng koʻlamli islohotlarga mos kelmay qoldi.

Ilgarigi Kodeksdagi normalarda davlat tashkilotlari va sanoatning yirik korxonalari hamda turli mulkchilik shakllari, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes subyektlaridagi mehnat munosabatlari aks ettirilmagan. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan soʻnggi yillarda ratifikatsiya qilingan ayrim xalqaro konvensiyalar va hujjatlar meʼyorlari implementatsiya qilinmagan edi.

Shu bois, yangi tahrirdagi kodeksni ishlab chiqish haqidagi ustuvor vazifalar bir necha yil oldin, aniqrogʻi, 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangandi. Oradan olti yilga yaqin vaqt oʻtib, ushbu kodeks qabul qilindi.

Seminarda yangi Kodeks loyihasini ishlab chiqish chogʻida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi oʻrganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida 1 yil davomida juda chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta boʻlib, 600 ga yaqin moddani oʻz ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qoʻshildi.

Soʻz olganlar ilgarigi Mehnat kodeksida muddatli mehnat shartnomasini tuzish uchun faqat 3 ta asos mavjudligini, yangi Kodeksda 19 ta asoslar keltirilgani, ushbu asoslarning kengayishi biznes yuritish va tez oʻzgaruvchan bozor sharoitlariga tezkor moslashish imkonini berishini bildirdi.

Shuningdek, yangi Kodeksda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalar oʻz ifodasini topgani aytib oʻtildi.

Shu bilan birga, yangi Kodeksda ijtimoiy va huquqiy himoyaga muhtoj ishchilarning ayrim toifalari – ayollar va oilaviy majburiyatlarni bajarish bilan shugʻullanadigan shaxslar, 18 yoshga toʻlmagan ishchilar, nogironlar, oʻrindoshlik asosida ishlovchilar, yakka tartibdagi tadbirkorlar mehnatini tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari ham aks etgan.

Xususan, ish beruvchi homilador ayollarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida antenatal (tugʻruqqacha) parvarishlash uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qoʻshimcha boʻsh kunlarni berishi lozim boʻladi. Xodimning ish stajiga qarab ishdan boʻshatish nafaqasini tabaqalashtirish va bunda aynan ushbu tashkilotda ishlagan muddatini inobatga olish nazarda tutildi.

Seminarda ishtirokchilar tomonidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida qanday yangi normalar nazarda tutilmoqda, qonunni amaliyotga joriy etish orqali nimalarga erishish mumkin, degan savollar koʻtarildi.

Deputatlarning aytishicha, yangi Kodeksda xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish tartibi joriy etildi. Mehnatga oid munosabatlar sababli ish beruvchiga taqdim etilgan, xodimning, shuningdek, uning oila aʼzolarining hayotidagi faktlar, voqealar va holatlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar himoyasi kafolatlanmoqda.

Shuning barobarida, xodimlarning yillik asosiy taʼtili muddatining davomiyligi koʻpaytirilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Amaldagi Mehnat kodeksiga asosan, yillik asosiy taʼtil muddati oʻn besh ish kunini tashkil etadi. Yangi tartibga binoan, yillik asosiy mehnat taʼtili davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kuni etib belgilandi va xalqaro standartga muvofiqlashtirildi.

Seminarda deputatlar tomonidan Kodeksdagi yangi normalarning mazmun-mohiyatini joylarda saylovchilar oʻrtasida tushuntirish, targʻib qilishda zamonaviy usul va uslublardan samarali foydalanish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Mehnat kodeksining hayotga samarali tatbiq etilishini taʼminlash parlament zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklashi, deputatlar tegishli vazirliklar, idoralar hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda aholi oʻrtasida Kodeksning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish boʻyicha joylarda turkum seminarlar oʻtkazishi lozimligi taʼkidlandi.

Yakunda mehnat jamoalarida tegishli masʼullar ishtirokida kodeks mazmun-mohiyati borasida batafsil tushuntirish ishlarini olib borish hamda hujjat ahamiyatini keng targʻib qilish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?