Endi tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida inson omilisiz imtihon topshiradi

17:50 02 Yanvar 2024 Jamiyat
272 0

Yurtimiz tibbiy oliy taʼlimida talabalarning bilim va koʻnikmalarini baholash, ularning malakali kadr boʻlib yetishishlarini taʼminlashga qaratilgan qator oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. 

Bu boradagi yangiliklar haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Ilm-fan va taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻktam Ismoilov maʼlumot berdi.

Boʻlajak shifokorlardan robot-simulyatorlar imtihon oladi.

— 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-koʻnikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi, — deydi Oʻ.Ismoilov.

— Prezidentimizning “Maʼmuriy islohotlar doirasida sogʻliqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da tibbiyot oliy taʼlim muassasalari hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash muassasalari uchun ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan simulyator uskunalarini xarid qilish vazifasi belgilangan edi.

Muassasalarda ushbu uskunalarni oʻrtanish ishlari olib borilmoqda.

Talabalar klinik imtihonlardan oʻta olsa, shifokor boʻlib ishlashiga ruxsat beriladi.

2024/2025 oʻquv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini oʻtkazish tizimi joriy etiladi.

1-bosqichda talabalar fundamental fanlar boʻyicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni oʻzlashtirganlik darajasi baholanadi.

Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarga kursdan kursga oʻtishga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija koʻrsatganlarning esa amaliyotda shifokor boʻlib ishlashiga ruxsat etiladi.

Ordinaturaga va internaturaga kirish imtihonlari ham inson omilimiz oʻtkaziladi.

Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2023/2024 oʻquv yilida klinik ordinatura va internatura yoʻnalishi boʻyicha imtihonlarni tashkil etish maqsadida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari va ularni shakllantiruvchi ekspertlar guruhi tasdiqlandi.

Yangilik shuki, bu yildan boshlab klinik ordinatura va internaturaga kirish imtihonlari inson omilidan butunlay xoli boʻladi.

Shu paytgacha suhbat asosida oʻtkazib kelingan qabul jarayonlariga chek qoʻyiladi.

Endilikda tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va ularning filiallari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tadqiqot institutlarida klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari boʻyicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi.

Bunda har bir talabgor uchun BHMning yarim baravari miqdoridagi toʻlov tegishli tibbiy taʼlim muassasasi tomonidan toʻlab berilishi belgilangan.

Qabul jarayonlari yiliga 2-marta tashkil etilishi ham nomzodlar uchun qoʻshimcha imkoniyat beradi.

Xususiy tibbiyot muassasalari tor soha mutaxassislari tayyorlashda ishtirok etadi.

Yuqorida keltirilgan “Yoʻl xaritasi”ga asosan yetakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura dasturlari asosida tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, davlat tibbiy oliy taʼlim muassasalarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi qator kafedralariga rivojlangan xususiy koʻp tarmoqli tibbiyot muassasalarida oʻquv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Xususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida boʻlganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2-marta amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?