Endi tibbiyot muassasalari faoliyati yangicha tizim asosida baholab boriladi

Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri A.Inoyatov boshchiligida vazirlik markaziy apparati masʼul xodimlari, ixtisoslashtirilgan markazlar, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va hududiy boshqarmalar rahbarlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy ruhda kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda tizimda ijro intizomi, Qashqadaryo viloyatida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi hamda ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu yoʻnalishdagi muammolar va ularning amaliy yechimlari muhokama qilindi.
Tahlillar avvalida vazir 4 ta yoʻnalish — 208 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 14 ta hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmasi, 23 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi, sohaga qarashli 11 ta oliy taʼlim muassasasida KPI tizimi joriy etilishini taʼkidladi.
Bunda hududlarda onalar va bolalar oʻlimiga barham berish, har bir tumanda yil davomida 10 ta yangi davolash va 12 ta zamonaviy diagnostika usullarini tatbiq etish, tibbiyot yoʻnalishida investitsiya va grant mablagʻlarini jalb etish, davolash-porfilaktika muassasalariga quyosh panellarini oʻrnatish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda xizmatlarni autsorsing orqali amalga oshirish kabi mezonlar asos qilib olinadi.
Unga koʻra, har chorakda yuqoridagi muassasalar va ularning rahbarlari faoliyati KPI tizimi boʻyicha baholab boriladi.
Binobarin, tibbiy turizmni rivojlantirish boʻyicha ham yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi.
Shundan soʻng Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda vazirlikning Ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻining taqdimotlari boʻlib oʻtdi.
A.Inoyatov har ikki taqdimot talabga javob bermasligini taʼkidlab, ushbu rahbarlar topshiriq ijrosiga yuzaki, masala mohiyatini chuqur his etmay yondashganini tanqid ostiga oldi.
Xususan, Qashqadaryo viloyati boʻyicha taqdimotda tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish va aholiga yanada yaqinlashtirish boʻyicha aniq strategiya, kasalliklar balansi, tumanlar kesimida davolash yoʻlga qoʻyilmagan xastaliklar nozologiyasi, joriy etilishi moʻljallangan noyob va murakkab diagnostika hamda davolash usullari aniq va manzilli aks ettirilmagan.
Xuddi shunday, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan taqdimotda ham baʼzi turdagi noyob kasalliklar tufayli xorijda davolanishga ehtiyoji bor bemorlar statistikasi, bu muammoni hal etishning aniq yechimlari, oʻz vertikali boʻyicha ishni tashkil qilish prinsipi, mexanizmi oʻrganilmagan, tahlil qilinmagan va koʻrsatib berilmagan.
Yigʻilish yakunida aholiga manzilli va samarali tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ilgʻor amaliyotlarni yoʻlga qoʻyish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring