Endi Samarqand shahri bo‘ylab harakatlanishda muammolar bo‘lmaydi

17:48 25 Oktyabr 2021 Jamiyat
257 0

Shu kunlarda Samarqand shahridagi Rudakiy, Jomiy, Firdavsiy, O‘zbekiston, Bo‘stonsaroy kabi o‘ndan ortiq ko‘chalarda keng ko‘lamli qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Beruniy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasidan Shohi Zinda majmuasigacha bo‘lgan avtomobil yo‘li taʼmirdan chiqarilyapti.

- Piyodalar yo‘lagining ikki tarafi 1 kilometrdan ziyod masofada taʼmirlanib, tramvay liniyalari o‘rnatish ishlari ham to‘liq bajarildi, - deydi  “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUKga qarashli “JM TECNO” korxonasi rahbari Alisher Kozimov. - Ishchilarimiz 3,25 metrlik piyodalar va veloyo‘laklarga beton plitalar teryapti. 1800 metr irrigatsiya tarmoqlari, yaʼni beton lotoklar yotqizildi. Piyodalar va mashinalar o‘tadigan qismlariga temir quvurlar o‘rnatilmoqda.

Bo‘stonsaroy ko‘chasidan o‘tgan Chashma arig‘ining ko‘prigi “Toshko‘prikqurilish” MCHJ tomonidan mukammal taʼmirlanyapti. Korxonaning yuz nafardan ortiq muhandis-quruvchilari 20 ta maxsus texnika yordamida uzunligi 5x5 metrlik suv o‘tkazgich, yaʼni kollektor qurishmoqda.

- Mazkur ko‘chani kesib o‘tgan Chashma arig‘iga yangi ko‘prik quriladi, - deydi “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK bosh muhandisi Sobir Abduraimov. - Ushbu yo‘lning ham balandligi 6 metrga ko‘tarilib, deyarli barcha qismlari tenglashtiriladi. Avtomobillar harakatlanadigan qismi 6 qatorli bo‘lib, shu hududda yashovchi aholining avtomobillar oqimiga xalal bermasdan harakatlanishi uchun ko‘chaning ikki tomonidan mahalla ichiga kiruvchi ichki qo‘shimcha yo‘l ham barpo etish ko‘zda tutilgan.

Ko‘chaning U.Tursunov ko‘chasi kesishmasidan boshlab Chashma arig‘igacha bo‘lgan qismidagi qiyalik 3-4 metrgacha pasaytirildi. Shuningdek, yo‘l yoqasidagi 20 dan ziyod aholi xonadonlari ko‘chirilib, ular o‘rnida mehmonxona, savdo do‘konlari, restoran, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilmoqda. 

Shaharning Firdavsiy ko‘chasidan So‘lim shaharchasigacha bo‘lgan 9 kilometrlik masofada ham bunyodkorlik ishlari avjida. Bu yerda hozirgacha bir kilometr masofada tuproq ishlari bajarilib, tosh to‘kib tekislandi. Ko‘chaning umumiy kengligi 18 metrga yetkazilib, avtomashinalar uchun 4 qatorli yo‘l barpo etiladi.

Umuman olganda, ko‘hna Samarqand ko‘chalari joriy yil yakuniga qadar yangicha qiyofa kasb etib, mahalliy aholi va mehmonlar uchun, ayniqsa, tig‘iz vaqtlarda yo‘llarda harakatlanish mushkulotlari to‘la barham topadi.

 

  Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?