Endi “muddat kam edi, mablagʻ boʻlmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yoʻq — Shavkat Mirziyoyev

18:54 10 Iyun 2024 Siyosat
446 0

Prezident raisligida boshlangan videoselektor yigʻilishida energiya samaradorligi, koʻp qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Respublikamizdagi 39 mingga yaqin koʻp qavatli uyga 819 ta boshqaruv kompaniyasi xizmat koʻrsatmoqda.

Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turayotgani taʼkidlandi. Bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “ogʻir” toifada boʻlgan boʻlsa, hozir bunday kompaniya qolmadi.

Natijada yil boshidan 2 ming 100 ta koʻp qavatli uy taʼmirlandi, 1 millionga yaqin daraxt va gul koʻchatlari ekildi.

Bu borada Andijon, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida sezilarli oʻzgarishlar boʻldi.

Yigʻilishda hamma joyda ham odamlar uylarni boshqarish sifatidan rozi emasligi qayd etildi.

Koʻplab boshqaruv kompaniyalari faqat koʻchalarni supurish va tozalash, joriy taʼmirlash bilan cheklanayapti. Lekin uylar atrofini obodonlashtirish, tom, ichki va sugʻorish tarmoqlarini soz holda saqlab turish kabi asosiy vazifalar eʼtibordan chetda qolib ketmoqda.

Yaqinda boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun tarifning eng kam miqdori belgilandi. Endi boshqaruv va ekspluatatsiya sifati ham shunga yarasha boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot oʻrtasida “koʻprik” boʻlishi kerakligi qayd etildi. Bundan buyon ikki yildan oshmagan uylarda, yaʼni kafolat muddatida muammo chiqsa, pudratchi bilan birga ularni bartaraf qilishga masʼul boʻlishi belgilandi.

Uy-joy kommunal soha mutasaddilariga “aholi – boshqaruv kompaniyasi – kommunal tashkilot va pudratchi” zanjirini yaratish topshirildi.

Koʻp qavatli uylar seysmo-konstruksiyasiga noqonuniy oʻzgartirish kiritish holatlari kuzatilayotgani, yangi koʻp qavatli uylarda bino choʻkishi, undagi yoriqlar, shoʻrlanish va sifat boʻyicha aholidan eʼtirozlar boʻlayotgani qayd etildi.

Masʼul tashkilotlarga uylar xavfsizligi va infratuzilma sifati boʻyicha pudratchilar majburiyati bajarilishini qatʼiy nazoratga olish, konstruksiyani noqonuniy oʻzgartirish holatlarini erta aniqlash tizimini joriy qilish topshirildi.

Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha har bir mahalladagi haqiqiy ahvol oʻrganildi, tumanlar kesimida dastur ishlab chiqildi.

Tayyorgarlik ishlariga oʻtgan yilgi 14 trillion soʻmga qoʻshimcha yana 14 trillion soʻm ajratilishi belgilandi.

Prezident mutasaddilarni ogohlantirdi:

“Endi “muddat kam edi, mablagʻ boʻlmadi”, deb bahona qilishga hech kimning haqqi yoʻq”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер