Endi xohlagan kishi “UzAutoMotors”ning aksiyadoriga aylanishi mumkin

17:40 26 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
662 0

Arxiv surat

Ha, yanglishmadingiz! Qanday qilib, deysizmi? Buning uchun Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlari orasidagi eng yirik kompaniya aksiyalarini sotib olishning oʻzi kifoya. Zero, u oʻz aksiyalarini ilk bor fond birjasiga joylashtirmoqda. Uni yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslar ham sotib olishlari mumkin.

— “UzAutoMotors” 2020-yildan buyon Oʻzbekistondagi eng yirik soliq toʻlovchilardan biri hisoblanadi, — deydi kompaniya vakili Farruhbek Abdusalomov. — Uning 2021-yildagi sof daromadi 166 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shu yili oʻz aksiyadorlariga 8,5 million AQSH dollari miqdorida dividend toʻladi. 2026-yilga kelib daromadi 2021-yilga nisbatan 2 barobarga ortishini hisobga olsak, uning aksiyalarini sotib olish eng istiqbolli rejalardan biri ekanligi koʻrinib turibdi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Andijon shahridagi “Hamkor” biznes markazida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “UzAutoMotors” AJ hamda “Freedom Broker” xalqaro investitsiya kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan tadbir boʻlib oʻtdi. Yuzlab investorlar ishtirokidagi ushbu tadbirda kompaniya aksiyalarini sotib olish tartiblari va afzalliklari, moliyaviy yutuqlari haqida maʼlumot berildi.

— Kompaniya aksiyalarini birjada joylashtirish jarayoni Oʻzbekiston va xorijda katta tajribaga ega boʻlgan “Freedom Broker” xalqaro investitsiya kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda, — deydi mazkur kompaniya vakili Dastan Dosabayev. — U dunyoning 12 ta davlatida faoliyat yurituvchi “Freedom Holding Corp” xalqaro xoldingi tarkibiga kiradi. Bu esa AQSH, MDH va Yevropa fond bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkonini beradi.

Tadbir davomida maʼlum qilinishicha, “UzAutoMotors” kompaniyasi xususiylashtirilishining birinchi bosqichida “Toshkent” respublika fond birjasida 5 foizgacha aksiyalarini joylashtiradi. Bu bilan investorlar kompaniya aksiyalarini birinchilardan boʻlib adolatli narxda sotib olishi imkoniyati yaratiladi. Zero, moliyaviy tahlilchilarning taʼkidlashlaricha, keyinchalik ularning narxi oshishi kutilmoqda. Bunga avtomobil ishlab chiqaruvchining rentabelligi tufayli uning qimmatli qogʻozlariga nisbatan xorijiy va mahalliy investorlar orasida talab ortishi taxmin qilinmoqda. Darvoqe, ushbu kompaniya aksiyalariga “Frontera Capital”, «Gazprombank», Osiyo taraqqiyot banki, “Bank of New York Mellon” kabi xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan ham qiziqish bildirilmoqda.

— Qimmatli qogʻozlar bozorida daromad olishni boshlash uchun katta miqdordagi mablagʻni kiritish shart emas, — deydi Dastan Dosabayev. — Investorlar brokerlik hisobini ochib, dastavval qimmatli qogʻozlarning sinov paketini sotib olishlari mumkin. Oʻzbekiston kapital bozorini rivojlantirish maqsadida “UzAutoMotors” aksiyalari xaridorlari oʻrtasida “Chevrolet Tracker” avtomashinasi yutuq sifatida oʻynaladi.

Tadbir tashkilotchilarining taʼkidlashicha, ayni paytda “UzAutoMotors” tez yurar poyezdga oʻxshaydi. Uning faoliyati shu qadar shiddat bilan davom etmoqdaki, bu korxonani kelajakda istiqbolli manzil kutayotganidan dalolatdir. Tez yurar poyezdga har doim ham chipta topilavermasligini inobatga olsak, kompaniya aksiyalarini sotib olish uchun hozir eng qulay payt hisoblanadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Reklama huquqi asosida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер