Endi har chorakda fargʻonalik faol  oʻqituvchilar viloyat hokimi ustamasi bilan ragʻbatlantiriladi

09:08 01 Oktyabr 2022 Jamiyat
266 0

Foto: Xalq so‘zi

1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Fargʻona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida viloyat bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyatning barcha shahar-tumanlaridan taklif etilgan 300 nafardan ziyod oʻqituvchi va murabbiylar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar.

Taʼkidlash oʻrinliki, 2021-yil yakunlariga bagʻishlab dekabr oyida oʻtkazilgan xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashi sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan maktab oʻqituvchilari uchun viloyat hokimining maxsus ustamasi joriy etilishi tashabbusini ilgari surgan edi.

Tashabbus ijrosi doirasida viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan oʻquvchilari xalqaro, respublika va viloyat fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan oʻqituvchilar hamda faoliyati davomida yuqori samaradorlik qayd etib kelayotgan fan oʻqituvchilari va direktorlardan 122 nafarining roʻyxati shakllantirildi, ularga oylik ish haqining 20 foizidan 100 foizigacha miqdorda viloyat hokimining ustamasi ajratildi. Ustama mablagʻlari Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida toʻlab berildi.

Rejaga koʻra, ushbu amaliyot doimiy davom etishi, har chorak yakuni boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan 200 nafar oʻkituvchiga Fargʻona viloyati hokimining ustamasi berib borilishi koʻzda tutilgan.

Bayram tadbirida taniqli sanʼatkorlar va yosh xonandalar ijrosidagi barcha qoʻshiqlar jonli ijroda kuylanib, yigʻilganlarga xushkayfiyat baxsh etdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?