Endi yeri bor odam haqiqiy kapital egasiga aylanadi

15:34 22 Avgust 2021 Iqtisodiyot
303 0

Yer — bebaho milliy boyligimiz. Undan qancha samarali foydalansak, unumdorligini oshirsak va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni koʻproq yetishtirsak, iqtisodiyotimiz shuncha yuksaladi. Shuni alohida eʼtirof etish joizki, bugun mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini yuksaltirishda yerlarni toʻgʻri taqsimlash va yer maydonlari ilmini yaxshi egallagan, unga mehrini berib ishlaydigan mulkdorga berishning ahamiyati nihoyatda katta.

Kuni kecha Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda soʻzlagan nutqida ham bu haqda batafsil fikr yuritildi. Unda qishloq xoʻjaligi yerlari – bizning bebaho milliy boyligimiz, bu – oziq-ovqat xavfsizligining asosi, oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti ekani taʼkidlanib, ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga berilishi aytib oʻtildi.

Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etishi lozim. Binobarin, qishloq xoʻjaligiga kirmaydigan yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotilishi belgilandi va aksariyat hollarda auksionga qoʻyilgan yer maydonlari tadbirkorga maʼqul joylardan emas, balki olis, chekka hududlardan, infratuzilmasi boʻlmagan joylardan berilayotganiga, yaxshi yer maydonlari esa, har xil yoʻllar bilan hokimlar qarori asosida toʻgʻridan-toʻgʻri berib kelinganiga ham eʼtibor qaratildi.

Prezidentimiz shu jihatga alohida urgʻu berdiki, endilikda yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi. Baʼzi kishilar «yer xususiy boʻldi nimayu, xususiy boʻlmadi nima», degan fikrga kelishi mumkin. Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki koʻpayib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo boʻladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi. Zotan, yerlarni haqiqiy egasiga adolatli tarzda berilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarida ham yaqqol aks etadi.

Barno Mirzamova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?