Endi yer taqsimotida adolat boʻladimi?

11:12 21 Avgust 2021 Jamiyat
202 0

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda yer sotish bilan bogʻliq xabarlarni koʻp oʻqiyapmiz. Afsuski, qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun moʻljallangan yerlarning oʻzboshimchalik bilan noqonuniy tarzda sotib yuborish holatlari hamon uchrab turibdi. Bundan buyon bu kabi holatlarga chek qoʻyiladi, yer taqsimotida adolat boʻladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot davomida endi davlat mulki obyektlarini, ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotilishini bildirdi. Bu binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladi deganidir. Tasdiqlangan dasturga qoʻshimcha ravishda yil yakuniga qadar yana 500 ta davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.

Koʻplab rivojlangan davlatlar tajribasining koʻrsatishicha, birorta mamlakatda yer maydonlarini rejasiz berib yuborish mumkin emas. Oldin aniq hudud tanlab olinib, uning “master-plani” ishlab chiqiladi. Qayerda uy, qayerda maktab, qayerda ishlab chiqarish boʻlishi aniq belgilanib, infrastruktura olib kelish rejasi tuziladi. Shundan soʻng yer uchastkalari aniq loyiha bilan savdoga chiqariladi.

Prezidentimiz viloyat hokimlari, kadastr va arxitektura idoralari bilan birga, ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etishlari, aniq hududni belgilab, rejasini tasdiqlagan holda, keyin yerlarni auksionga qoʻyishi lozimligini taʼkidladi.

Shuningdek, har bir viloyatda maxsus jamgʻarmalar tashkil etilib, yer maydonlarini sotishdan tushgan mablagʻ toʻliq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilishi, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yoʻnaltirilishi qayd etildi. Joriy yil 1-noyabrga qadar har bir hududda kamida mingtadan yer maydonini sotuvga chiqariladigan boʻldi. Bu ham tadbirkorlar uchun keng imkoniyatdir.

Sir emaski, yaqinda davlatimiz rahbarining yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlashga doir muhim farmoni qabul qilingan edi. Unga koʻra, yerlar faqat auksion orqali ijaraga berilib, sotiladi va adolatli taqsimlanadi. Sababi avgustdan boshlab, yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilmoqda.

Saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz davomida aynan yer masalasi bilan bogʻliq koʻp murojaatlar boʻladi. Yeri olib qoʻyilgan yoki boshqa shaxsga oʻtkazib yuborilgan fermerlar, yer ajratish boʻyicha tuman hokimlaridan norozi boʻlayotgan aholi, yer masalasida hokimiyatga kun ora qatnagan, soatlab, kunlab hokimni kutgan odamlarning muammolari yechim topadigan boʻldi.

Albatta, joylarda boʻsh turgan yerlar va resurslar koʻp. Ulardan oqilona foydalansak, elimizning rizqu nasibasi bunyod etiladi. Tarixiy uchrashuvda belgilangan vazifalar esa yer har qanday korrupsiya holatlaridan holi tarzda oʻzining haqiqiy egasiga, ishlayman, yashnataman, degan fidoyi insonlarga yetib borishi uchun xizmat qiladi.

Dilrabo XOLBOYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?