Endi yer faqat auksionda sotiladi yoki ijaraga beriladi

17:34 10 Iyun 2021 Iqtisodiyot
245 0

Xalqimizda “Yeri boyning eli boy” degan hikmat bor. Bu bejiz aytilmagan, albatta. Buning zamirida juda katta maʼno bor. U tom maʼnoda odamlarni boqadi, kiyintiradi. Demak, yerni asrashimiz, uning har bir qarichidan samarali foydalanishimiz va tabiat neʼmatini borida qadrlashimiz lozim.

Keyingi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Pirovard maqsad – axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer ajratishda tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerni oʻz egasiga berishdir.

Davlatimiz rahbarining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni yer ajratishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda muhim huquqiy hujjat boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Farmon matni bilan tanishar ekanman, u keyingi yillarda yerdan foydalanish boʻyicha qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri ekaniga amin boʻldim. Negaki, soha ravnaqiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni uzil-kesil bartaraf qilishga qaratilgan mazkur hujjatda bugungi kunning ustuvor vazifalari aniq, chuqur yondashilgan holda belgilab berilgan.

Masalan, 2021-yil 1-avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi koʻpchilikning dilidagi gap boʻldi.

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar esa barcha turdagi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan tasdiqlanadigan ochiq elektron tanlov yakunlariga koʻra, faqat ijara huquqi asosida ajratilishi belgilandi.

Yodingizda boʻlsa, joriy yildan boshlab yoshlarga ekin maydonlaridan yer ajratish tizimi yoʻlga qoʻyilgan edi. Ushbu tizim oʻtgan qisqa vaqt ichida oʻzini toʻla oqladi. Bu orqali joylarda ming-minglab yigit-qizlar ishli boʻldi, daromad manbaiga ega boʻldi. Endilikda bu boradagi ishlarni davom ettirgan holda, Surxondaryoda boshlangan tajriba asosida, ishsiz aholiga qishloq xoʻjaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishini juda oqilona qaror, deb hisoblayman.

Albatta, jarayonga jiddiy yondashuv bejiz emas. Axir tabiat inʼom etgan tabiiy resurslar ichida yer oʻziga xos huquqiy maqomga ega sanaladi. Demak, endi yerni haqiqiy egasi – xalqqa berib, hokimlar, sektor rahbarlari bilan birgalikda qaysi paxta va gʻalla maydonini qisqartirishni aniqlab, ularni ishsiz aholiga berish boʻyicha zarur choralarni koʻrishimiz lozim boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur farmonning ahamiyatini aholi orasiga keng targʻib qilish, joylarda uning ijrosini tashkil etishda faol ishtirok etishimiz, yer maydonlarini ajratish va foydalanishda nazorat oʻrnatishimiz kerak. Zotan, tiriklik manbai boʻlib kelgan yerning har qarichidan oqilona foydalanish iqtisodiy barqarorlik kafolatidir.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari
qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?