Endi davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyatiga oid hisobotni har yili 1-martgacha veb-saytlariga joylashtiradi

17:45 20 Iyun 2021 Jamiyat
409 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligiga oid bir qator qoʻshimcha normalar belgilandi.

Farmon mazmun-mohiyati va unda belgilanayotgan yangi tartiblar boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 18-iyun kuni AOKA anjumanlar zalida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Taʼkidlanishicha, mazkur Farmon bilan barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati (33 ta) tasdiqlandi.

Davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyatiga oid hisobotni har yili:

1-martgacha veb-saytlariga joylashtirib, 10-martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi;

1-aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi.

2021-yil 1-iyuldan quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga (Portal) va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:

amalga oshirilgan davlat xaridlari;

mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;

Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlar, ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar;

oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari.

Shuningdek, OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari, oʻqishni koʻchirish bilan bogʻliq imtihonlar va nostrifikatsiya test sinovlarini oʻtkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi. Bunda 2021/2022 oʻquv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.

2021-yil 1-avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.

Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qoʻshimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi, shu bilan birga murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

2021-yil 1-dekabrdan yil yakunlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi, Qonunchilik palatasi va Senat majlislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari, shuningdek taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari telekanallar hamda Internet orqali jonli efirga uzatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?