Endi benzin narxini bozor belgilaydi

15:43 06 Aprel 2020 Jamiyat
1337 0

arxiv foto

2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʻisi, shu jumladan EKO markali dizel yoqilgʻisi chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi. Neftni qayta ishlash zavodlari ularni faqat birja savdolari orqali sotadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil 15-avgustdan boshlab davlat Ai-91 markali benzinni birja tovarlari jumlasiga oʻtkazib, uni sotish narxlarini belgilamay qoʻydi. Biroq Ai-80, dizel yoqilgʻisi, shu jumladan EKO markali dizel yoqilgʻisi uchun “davlat narxlarini” tegishli yoqilgʻining bir litri uchun 4 500, 5 400 va 5 700 soʻm etib belgilashda davom etdi.

Tegishincha, 1-maydan boshlab ushbu amaliyotga ham barham beriladi. Ayni paytda:

birinchidan, byudjet tashkilotlari, paxta xomashyosi va gʻalla ishlab chiqaruvchi fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha davlat korxonalariga dizel yoqilgʻisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisi) oʻtgan chorakdagi birja savdolari natijalariga koʻra shakllangan oʻrtacha birja narxlari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotiladi. Shuningdek, ularga neftni qayta ishlash zavodlaridan neft mahsulotlarini birja savdolari orqali xarid qilish huquqi taqdim etiladi;

ikkinchidan, neftni qayta ishlash zavodlari “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalarining buyurtmanomalariga koʻra yuqorida koʻrsatib oʻtilgan isteʼmolchilarga sotilgan dizel yoqilgʻisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisi) hajmi uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan belgilanadigan chegirmani taqdim etadi;

uchinchidan, 2020-yil 1-maydan boshlab narxlarni jahon birjalaridagi Brent nefti kotirovkalariga bogʻlab qoʻygan holda, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Shoʻrtan GKK” MCHJ tomonidan sotiladigan neft va gaz kondensati uchun yangi ichki tarmoq narxlari, neft mahsulotlari va uglevodorodlarni import qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga neft mahsulotlari va uglevodorodlarni neft bazalarining boʻsh sigʻimlarida saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun tariflar belgilanadi.

Soliq solish masalalari ham tartibga solingan. Yuridik shaxslar, shu jumladan, “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalari tomonidan neft mahsulotlarini qayta sotish uchun neftni qayta ishlash zavodlaridan birja savdolari orqali sotib olish yakuniy isteʼmolchiga sotilganda toʻlanishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi hisobga olinmagan holda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu yuridik shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan neft mahsulotlari hajmi qismida aksiz soligʻi belgilangan tartibda toʻlanadi. Tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan gazni qayta ishlash va uni utilizatsiya qilish tashkilotlariga sotiladigan tabiiy gaz hajmi esa yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan hajm sifatida koʻrilmaydi.

Prezidentning 2020-yil 4-apreldagi PQ–4664-son qarori bilan neft-gaz tarmogʻining moliyaviy barqarorligini oshirish boʻyicha quyidagi chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan:

tarmoq korxonalarining operatsion samaradorligini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasini” ishlab chiqish;

neft-gaz tarmogʻidagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi “kompleans-nazorat” tizimini joriy etish;

yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislar, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarni neft-gaz tarmogʻi korxonalariga ishga yollash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;

neft-gaz tarmogʻidagi faoliyat turlarini litsenziyalashni takomillashtirish va soddalashtirish;

“Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav jamgʻarmalarida davlat ulushini oshirish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?