Emlashning qisqa muddatli kechiktirilishi salbiy taʼsir koʻrsatmaydi — Innovatsiya vazirligi

10:48 11 Avgust 2021 Jamiyat
520 0

Yurtimiz aholisining katta qismi Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangani munosabati bilan vaksina olganlar roʻyxatini tartibga solish va jarayonni toʻgʻri rejalashtirib olish maqsadida mazkur vaksinaning 2- va 3-dozalarini olishning kechiktirilishi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan boshlangan ommaviy emlash jarayoniga salbiy taʼsir qilmaydi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining maʼlum qilishicha, emlashning qisqa muddatli kechiktirilishi 1- yoki 2-dozadan keyin vaksina tufayli organizmda hosil boʻladigan antitanalar miqdoriga yoki boshqa koʻrsatkichlarga taʼsir koʻrsatmaydi.

Ilmiy-tadqiqotlar hamda koʻp sonli aholi oʻrtasidagi ommaviy emlashning dastlabki natijalariga koʻra Xitoy Xalq Respublikasi dori vositalarini nazorat qilish agentligi (CDC) tomonidan vaksinaning 1-dozasi va 2-dozasi oʻrtasidagi oraliqni 2 oygacha choʻzishga, ikkinchi va uchinchi dozalar oraligʻini esa 3 oygacha choʻzishga ruxsat berilgan va Xitoyda bu amaliyot joriy qilingan. Hozirda Xitoyda mazkur ZF-UZ-VAC2001 vaksina bilan 0, 2, 6 oy sxemasida 140 million kishi emlangan va jarayon davom etmoqda.

ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi ustida borilgan tadqiqotlar ikkinchi va uchinchi dozalar oraligʻidagi vaqtning uzayishi koʻproq antitanalarning hosil boʻlishi va u koʻproq muddat davomida saqlanib qolishiga zamin yaratishini tasdiqlamoqda. Bu toʻgʻridagi maʼlumotlar quyidagi havoladagi ilmiy maqolada keltirilgan: www.biorxiv.org ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini ishlab chiqaruvchilar tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, ikkinchi va uchinchi doza oʻrtasidagi vaqt intervalini oshirish koronavirusning turli shtammlariga nisbatan neytrallashuvchi titrlarining oshishiga olib keladi.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan zaxiradagi ZF-UZ-VAC-2001 oʻzbek-xitoy vaksinasini faqat 1-doza bilan emlashga koʻrsatma berilishi tufayli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “vaksinaning aholi bilmaydigan qandaydir nojoiz taʼsiri chiqqani” toʻgʻrisidagi taxminlar yoki “vaksina yetishmas ekan” degan mish-mishlar asossiz ekanini taʼkidlaymiz.

Agar vaksinaning nojoʻya taʼsiri aniqlanganida, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasi bilan emlanishiga ruxsat berilmagan boʻlar edi. Qolaversa, joriy yilning 5-6-avgust kunlari 2 mln.doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi yurtimizga olib kelindi va shu oyning ichida yana 2 mln doza olib kelinadi. Hukumat tomonidan Oʻzbekistonda ikki turdagi vaksinani, jumladan, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda va avgust oyining oxiriga qadar bu ishlar yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?