Emlash jarayonlari sust olib borilayotgan sohalarni tanqid ostiga olamiz — Spiker

18:09 14 Iyul 2021 Jamiyat
307 0

Qonunchilik palatasining ertangi yalpi majlisida Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi taklifiga asosan, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov maʼlum qildi. 

"Albatta, bugun Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻz nuqtayi nazarlarini bildirishi kerak.

Yalpi majlisda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyevning axboroti eshitiladi.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda COVID-19 bilan kasallanishni kamaytirish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin, koronavirus infeksiyasi oxirgi vaqtlarda butun dunyoda, shu, jumladan, mamlakatimizda ham keng tarqala boshlagani xavotirga sabab boʻlmoqda.

Haqiqatan ham koronavirus aholi oʻrtasida juda tez tarqalmoqda. Bunga, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinayotgan kunlik kasallanishlar va vafot etayotganlar haqidagi xabarlar yaqqol misoldir. Shu sababli barcha choralar bilan bir qatorda eng samarali tadbirlardan biri boʻlgan emlash ishlarini mumkin qadar tezlashtirish va jadallashtirish lozim. Zero, emlash kasallanishning kamayishiga va oson kechishiga kafolat berishini tibbiyot sohasi olimlari eʼtirof etmoqdalar.

Yalpi majlis davomida albatta, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Agentlik rahbarlariga deputatlarning jiddiy eʼtirozi va koʻplab savollari boʻladi, emlash jarayonlari sust olib borilayotgan sohalarni tanqid ostiga olamiz.

Biz, Qonunchilik palatasi qarorida Hukumatga, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa idoralarga, ayniqsa, koronavirusga qarshi kurash boʻyicha Respublika komissiyasiga bir qator tavsiyalarni beramiz. Jumladan, aholining bir qator qatlamlariga koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash oʻtkazish lozimligini tavsiya qilmoqchimiz.

Emlashning ahamiyati haqida aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini yana-da kuchaytirish, shuningdek, ish beruvchilarni ushbu sohadagi masʼuliyatini jiddiy ravishda oshirish lozim" deb yozadi Spiker.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?