​Emlash roʻzani buzadimi? Fatvo hayʼati javob berdi

21:44 10 Aprel 2021 Jamiyat
3674 0

Koronavirusga qarshi emlangan roʻzadorning roʻzasi buziladimi, degan savolga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati javob berdi.

«Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugungi kundagi toʻrt mazhab ulamolari teri osti, mushaklar orasi yoki yonboshga ukol qilish bilan roʻza buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Chunki roʻzani yeb-ichish maʼnosidagi narsalar buzadi. Yeb-ichish esa odatiy yoʻllar orqali boʻladi. Teri teshiklaridan yoki noodatiy yoʻllardan terining orasiga biror narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda gʻusl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv oʻtishi roʻzani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.

Bu haqda «Al-Fatovo al-hindiya» kitobida shunday deyiladi:

«Terining orasidan ichkariga yogʻ kabi narsalarning kirishi roʻzani ochmaydi. «Sharhul Majma»da shunday keltirilgan». Iqtibos tugadi.

Endi aynan koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvolarga binoan roʻzador holda ham uni olish joiz, bu ish roʻzani buzmaydi.

Ramazon oyida emlashga toʻgʻri kelishi sababli bu masalada bir qancha fatvo uyushmalari oʻz fatvolarini eʼlon qilishdi.

Jumladan, Kuvayt vaqf vazirligi, Iordaniya fatvo uyushmasi, Saudiya umumiy muftiysi va katta ulamolar hayʼati raisi Shayx Abdulaziz Oli Shayx, Azhar xalqaro elektron fatvo markazi, «Dorul ifto» (Misr) fatvo markazi roʻzador kishi emlash olishi roʻzani buzmasligiga fatvo berdi. Chunki roʻzani buzuvchi narsalar odatiy yoʻllardan kirib, oshqozonga yetib boradi. Emlashda esa yeb-ichish maʼnosi yoʻq va u odatdagi yoʻllardan tanaga kirmaydi. Balki noodatiy boʻlgan teri ostidan kirib boradi. Bu roʻzani buzmaydi. Vallohu aʼlam», deyiladi javobda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?