Emlanganlik haqidagi SMS-xabarlar yuborishdagi yanglishmovchiliklarga nima sabab boʻlmoqda? SSV maʼlumot berdi

11:02 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
141 0

Yurtimizda koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qizgʻin davom etmoqda. Bu jarayonda koʻpchilikda emlash bilan bogʻliq  turli savollar paydo boʻlmoqda.

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida CCV Matbuot xizmati vazirlik tasarrufidagi IT-Med korxonasi xodimi Shohrux Qurbonovga murojaat qildi:

—  Emlash jarayonlariga jalb qilingan fuqarolarning maʼlumotlari yagona elektron bazaga jamlanishi borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

—  Buning uchun ishga tushirilgan emlash.uz platformasi orqali har bir emlash punktida vaksina olgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlar yagona tizimga kiritib borilmoqda.

Vaksinaning har bir dozasini yuborishdan oldin, tibbiyot xodimi emlanayotgan fuqaroning shaxsiy maʼlumotlari va faol telefon raqamini yozib oladi. Oilaviy poliklinikalardagi masʼul xodimlar ushbu maʼlumotlarni emlash.uz saytidagi umumiy maʼlumotlar bazasiga kiritadi.

Fuqaro birinchi va ikkinchi dozani olganidan soʻng unga SMS-xabar yuboriladi.

SMS-xabarda emlangan shaxsning ismi va familiyasi, shuningdek, vaksina olgan sanasi hamda keyingi dozani olish boʻyicha tavsiya etilgan sana haqida maʼlumot boʻladi. 

Agar fuqaro toʻliq emlangan boʻlsa, unda xabarda sertifikatga havola ham mavjud boʻladi.

—  Aholi orasida ana shu SMS-xabar bilan bogʻliq turli tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Bunday holatlar yuz berishiga nima sabab boʻlmoqda?

—  Kimgadir emlangani haqidagi SMS-xabar kelib tushadi, lekin u emlanmagan boʻladi. Yoki kimningdir raqamiga boshqa bir fuqaroning emlangani haqida xabar keladi. Bundan ham hayron qolarlisi, hatto vafot etgan odamga emlanganlik xabari kelgan holatlar ham bor.

Tizim elektron boʻlgani bilan unda inson omili ishtirok etadi. Hozirda emlangan fuqarolarning maʼlumotlarini tizimga kiritayotgan tibbiyot xodimi katta hajmdagi informatsiya bilan ishlashiga toʻgʻri kelmoqda.

Fuqarolarga emlash brigadasi xodimi jurnal yoki kompyuterga pasport maʼlumotlari va telefon raqamini toʻgʻri kiritayotganligiga eʼtibor qaratish tavsiya etiladi.

Baʼzi emlash punktlarida maʼlumotlar qogʻoz jurnallarga kiritilganligi bois, maʼlumotlar bazasini toʻldiradigan tibbiyot xodimining xato qilish ehtimoli mavjud.

Misol uchun, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyoʻl tumanida yashagan B.Yoʻlchiyev nomiga vaksinaning birinchi dozasini olgani haqida SMS-xabar kelgani, lekin bu inson vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. 

Bunda oʻsha hududga biriktirilgan tibbiyot xodimi emlanganlik haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritishda xatoga yoʻl qoʻygan boʻlishi mumkin. 

Chunki hudud aholisi haqidagi maʼlumotlar oilaviy shifokor punkti qaydnomalarida mavjud boʻladi. Emlash holatlarini roʻyxatga olishda fuqarolarning pasport seriyalaridan foydalaniladi. Ayrim holatlarda ushbu pasport seriyalari xato boʻlishi yoki boshqa fuqaroga tegishli seriyalar bilan kiritish holatlari uchraydi.

Yuqoridagi holatda 
adashib kiritilgan pasport seriyasi tufayli vafot etgan fuqaro nomiga SMS-xabar borgan.

Boshqa odamga xabar borishi masalasiga kelsak, fuqaroning telefon raqamini kiritishda xatolikka yoʻl qoʻyish holatlari uchrab turibdi. 

Bunday holatlarning oldini olish uchun, eng avvalo, tibbiyot xodimlari oʻz ishlariga masʼuliyatli boʻlishi, tizim imkoniyatlaridan toʻgʻri foydalanishlari barobarida fuqarolalardan ham  oʻz telefon raqamlarini emlash hamshirasiga toʻgʻri aytganiga ishonch hosil qilib olishlarini soʻrab qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?