Yemagan somsaga pul toʻlash kimga yoqadi?

11:14 08 Avgust 2025 Jamiyat
280 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Yozning jazirama kunlari ortda qolib, biroz salqin havo epkinlari esa boshladi. Tabiiyki, endi qishning sovuq, izgʻirinli kunlariga tayyorgarlikni ham boshlab yuborsa boʻladi. Axir qishning bir kuni ham qish degan naql bejiz aytilmagan.

Aholi uchun-ku, bu ish unchalik ham murakkab emas, uyidagi isitish jihozlarini shaylab, zarur taʼminotni mustahkamlab qoʻysa boʻlgani. Ammo bir necha yuzlab xonadonlarga markazlashgan issiqlik manbai yetkazib berishi lozim boʻlgan korxonalarga qiyin. Ular qishga puxta tayyorgarlik koʻrmasa, ertaga pand yeb qolishi hech gap emas.

Qashqadaryo viloyatidagi koʻp qavatli xonadonlarga markazlashgan issiqlik manbai xizmatini koʻrsatadigan Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ayni kunlarda qishki mavsumga puxta hozirlik koʻrish harakatida. Ammo bu jarayon faqat oʻzlarigagina bogʻliq ish emas. Tayyorgarlikning yetarli darajada boʻlishi, xizmat koʻrsatish sifatining yanada oshishi koʻp jihatdan aholining belgilangan toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirishiga ham bogʻliq. Ayni paytda esa bu borada muammolar talaygina.

Masalan, birinchi avgust holatida Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyatining debitor qarzdorligi 1 milliard 794 million soʻmni tashkil etmoqda. Bu pulni yigʻib olmasdan turib, faoliyatni davom ettirish qiyin, albatta.

Shu maqsadda korxona xodimlari isteʼmolchilarga talabnoma yuborib, qarzdorlikni oʻz vaqtida bartaraf etishi zarurligi, aks holda undiruv sud orqali amalga oshirilishi haqida ogohlantirishdi. Bundan koʻplab aholi vakillari norozi boʻlishdi. Chunki...

— Qarshi shahridagi 2-mitti tumandagi xonadonlardan birida yashayman, — deydi Sarvinoz Burxonova. — Uyimiz turmush oʻrtogʻimning nomida. Shu yerda qariyb 15 yildan buyon istiqomat qilamiz. Biz uyni sotib olganimizda ichkaridagi issiqlik tizimlari olib tashlangan edi. Hozir ham markazlashgan issiqlik manbaiga ulanmaganmiz. Aksariyat qoʻshnilarimizda ham shu holat. Lekin har yili “Issiqlik taʼminoti”dan kelib, qarzni toʻlashimizni talab qilishadi. Issiqlik manbadan foydalanmayotganimizni aytsak, “Buning farqi yoʻq. Hamma toʻlashi kerak” degan javobni olamiz. Axir yemagan somsaga pul toʻlash kimga yoqadi?

Bizga murojaat qilgan yana bir nechta fuqarolarning aytishicha, 2000-yillar boshidan boshlab qariyb 15-20 yil davomida Qarshi shahrining aksariyat hududlarida markazlashgan issiqlik manbai ishlamagan. Natijada ular keraksiz deb hisoblagan isitish tizimi qurilmalarini olib tashlab, boshqa individual isitish vositalaridan foydalanishga oʻtishgan.

Soʻnggi uch-toʻrt yil ichida esa bu boradagi vaziyat oʻzgardi. Eski qozonxonalar taʼmirlanib, ishdan chiqqan tizimlar yangilandi. Lekin hali hamma ham markazlashgan isitish tizimiga qayta ulangani yoʻq. Kimdir individual isitish tizimlaridan foydalanishni afzal koʻrayotgan boʻlsa, yana boshqa birovning bunga imkoniyati yetmayapti. Masalan, tizimga yangidan ulanish uchun zarur qurilma va jihozlarni sotib olish kamida 5 million soʻmdan ortiq xarajatni talab etar ekan. Bunga hammaning ham qurbi yetmaydi.

Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati masʼullari esa ana shu holatni hisobga olmasdan, barchadan birdek toʻlov talab qilmoqda. Yuzaga kelgan millionlab noreal qarzdorlikni shu yoʻl bilan bartaraf etishmoqchi, shekilli.

Aslida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-iyuldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish Qoidalari”ning 4-bandi talablariga koʻra, issiqlik manbaini yetkazib beruvchi korxona xizmatni isteʼmolchilar bilan ikki tomonlama (yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqalar ham jalb etilganda uch tomonlama) shartnoma asosida amalga oshirishi zarur. Bugungi holatda esa Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” MCHJ viloyat boʻyicha 13 ming 700 ta xonadonga markazlashgan issiqlik manbai yetkazib berishi koʻzda tutilgan boʻlsa, ularning 6300 dan oshigʻi bilan rasman shartnomalar tuzilgan. Qolgan xonadonlar esa xatlov qilinmagan. Ularning qaysi biri chindan ham issiqlik manbaidan foydalanyapti, qaysi yoʻq, bu maʼlum emas.

Xoʻsh, bu holatda barcha isteʼmolchilardan birdek toʻlov talab qilish qanchalik oʻrinli?

— “Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatish Qoidalari”ga koʻra, markazlashgan isitish tizimi orqali isitilishi belgilangan xonadonlar uy ichidagi tizim qurilmalarni oʻzboshimchalik bilan olib tashlashi mumkin emas, — deydi Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Qahramon Joʻrayev. — Toʻgʻri, koʻp yillar davomida tizim ishlamadi, natijada fuqarolarning individual isitish qurilmalaridan foydalanishga oʻtganini tushunamiz, lekin endi ishlayapti. Demak, isteʼmolchilar ham endi tarmoqqa ulanishi zarurda. Bu xavfsizlik tomonlama ham, xizmatning arzonligi borasida ham qulay-ku.

Masʼulning talabi ham oʻrinsiz emas. Lekin “U qilishi kerak, bu qilishi kerak” degan iddaolar bilan muammo hal boʻlib ham qolmaydi. Qachonki Qashqadaryo viloyat “Issiqlik taʼminoti” MCHJ barcha isteʼmolchilar boʻyicha xatlov oʻtkazib, rasman shartnomalar tuzmas, tarmoqdan uzilgan xonadonlarga tushuntirish ishlarini olib borish, kam taʼminlangan xonadonlarning tizimga qayta ulanishi uchun qulayliklar yaratish yoʻllari haqida bosh qotirmas ekan, ikki tomon oʻrtasidagi nizo va muammolarga yechim topilmaydi.

Ammo yoddan chiqarmaslik kerak: endi xalqni koʻzini qoʻrqitib, “falon joydan keldim” deb aldab pulini olib boʻlmaydi. Qonun hamma uchun barobar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?