Eʼlonda koʻrsatilgan narx yakuniy toʻxtam emas – Mudofaa vazirligi 30 mln soʻmlik “tilla qoplamali ruchkalar” xaridi boʻyicha bayonot berdi

18:27 10 Iyun 2021 Jamiyat
664 0

Bugun oʻzbek segmentidagi ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Mudofaa vazirligi tomonidan 30 mln soʻmga xarid qilinishi rejalashtirilgan 2ta «tilla qoplamali ruchka»larga oid xabar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti mazkur holat boʻyicha “Xalq soʻzi”ga maʼlumot berdi.

Unga koʻra, Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan. Yaʼni xalqaro tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qoʻllaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada boʻlishi shart, deya hisoblanadi.

Shu maqsadda mazkur turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchi mahalliy tadbirkorlarning takliflarini oʻrganish uchun vazirlik ishlar boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasining maxsus axborot portali exarid.uzex.uz saytiga ruchka xarid qilinishi haqidagi eʼlon joylashtirilgan.

«Shuni alohida taʼkidlash joizki, eʼlonda koʻrsatilgan narx yakuniy toʻxtam emas, balki bozor qoidalariga koʻra tadbirkorlik va mahsulot yetkazib berish bilan shugʻullanadigan korxona va tashkilotlarning mahsulot va narxlar boʻyicha barcha takliflari oʻrganiladi, tanlov asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Xuddi shunday talablarga javob bera oladigan boshqa firmalarga tegishli mahsulotlar taklifi ham oʻrganib chiqiladi.

Ijtimoiy tarmoq faollari va davlatimiz byudjeti sarfiga befarq boʻlmagan barcha yurtdoshlarimiz bilishini istardikki, ushbu mahsulot vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xarid qilinishi koʻzda tutilgan.

Qoʻshimcha maʼlumot sifatida: bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va boʻlinmalar qoshida xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xoʻjaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, ekin maydonlari) mavjud boʻlib, ular vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?