Elni birlashtirishdan koʻra savobliroq ish yoʻq

11:37 05 Noyabr 2020 Jamiyat
204 0

Rostini aytsam, deputat boʻlib, saylovchilardan bunday qattiq gap eshitaman, deb oʻylamagandim. Uchrashuvda bir saylovchi Alining alamini Validan olgani kabi, ilgari hal boʻlmay kelgan muammo uchun menga keskin gapirdi. “Bu muammoning hal boʻlishiga ishonmay qoʻyganman, sizdan oldingilarga ham aytganman, vazirlikka ham yozganman, lekin hech qanaqa natija boʻlmagan. Siz ham bu ishni amalga oshira olmaysiz” deb, menga ham shubha bilan qaradi.

Toʻgʻrisi, bu fuqaroning gapi xayolimga oʻrnashib qoldi. Tunu kun bu haqda oʻylay boshladim. Deputat boʻlib, bir saylovchi aytgan masalaga yechim topa olmasam, nima qilib yuribman, degan bir fikr paydo boʻldi menda. Aynan Buvayda tumanidagi “Yangi qishloq” mahalla fuqarolar yigʻinidagi ikki qishloq hayotini obdan oʻrgandim. Haqiqatda saylovchi aytganicha bor ekan. Oʻquvchilar va aholi serqatnov katta “trassa”ning narigi tomonida koʻrinib turgan maktabga, savdo doʻkoniga, bozor-ucharga, doʻxtir yoki sartaroshxonaga borish uchun ham yoʻl tanobini tortishga toʻgʻri kelar ekan. Toʻxtovsiz qatnayotgan mashinalar karvoni yoʻlning narigi tomoniga oʻtishga izn bermaydi. Ayniqsa, ota-onalar farzandini bu yoʻldan oʻtishini sira istashmaydi. Bolasini maktabga kuzatar ekan, koʻngliga xavotir oralaydi.. Xudo koʻrsatmasin, biror-bir falokat roʻy berishiga hech kim kafolat bera olmaydi-da.

Bu hudud hayotini oʻrganar ekanman, beixtiyor koʻz oʻngimda kuyunib gapirayotgan, katta “trassa” ustida koʻprik qurilishiga ishonmay qoʻygan oʻsha saylovchi keldi. Nega shuncha vaqtdan buyon bu serqatnov katta “trassa” ikki qishloq ahlining aloqalarini uzib qoʻyayotgani, halovatini oʻgʻirlayotgani hech kimni tashvishlantirmagan boʻlsa? Nega mutasaddi rahbarlar xalqning qiynalayotganiga beparvo boʻlib yurishgan ekan ? Bu savollarga deputat sifatida oʻzim javob topishim kerakligini his qildim.

Vakolatim doirasida bu masalaga jiddiy kirishdim. Tegishli vazirlik va mutasaddi rahbarlar eʼtiborini ikki qishloq odamlarining oddiygina kundalik yumushlarini bajarish uchun qiyinchiliklarga iskanjasida qolayotganiga qaratdim. Bu koʻprik faqat yoʻllarni emas, dillarni ham tutashtirishini, qoʻni-qoʻshnichilik, quda-andalik va qadimiy qadriyatlar, urf-odatlar birlashtirishini – bu esa ikki qishloq ahlining uzoq yillik orzusi ekanini aytishdan charchamadim.

Nihoyat ikki qishloq ahlining orzusi ushaladigan kunlar keldi. Ayni paytda bu kichik inshoot qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shunday quvonchli kunlarda aholining xursandchiligi bir olam. Negaki, endilikda ana shu koʻprik sabab ikki qishloq orzulari, maʼnaviyati, madaniyati birlashsa ajab emas.

Zero, yoʻlni, elni, dillarni tutashtirishdan koʻra savobliroq ish yoʻq.

Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?