Elita urugʻchiligi xoʻjaliklaridagi holat qoniqarsiz — «Oʻzagroinspeksiya»

18:10 08 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
251 0

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga joriy yilning 7 oyi davomida jami 28,3 mln AQSH dollar hisobiga 43,9 ming tonna sabzavot, poliz, kartoshka, makkajoʻxori va moyli ekinlarning yuqori avlodli urugʻliklari xorijdan import qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 16-fevraldagi “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi 521-sonli Qonunining 2-bob, 13-moddasida Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining, shu jumladan biotexnologik navlarining birlamchi urugʻchiligini tashkil etish, urugʻlik yetishtiruvchilarning reyestrini shakllantirish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu maqsadlar uchun Urugʻchilikni rivojlantirish markazi huzurida 53 ta elita urugʻchilik xoʻjaliklari tashkil etilgan boʻlib, ularga 5 ming 116 gektar suvli yer maydonlari biriktirib berilib, jami ajratilgan yer maydonlarining 1 ming 23 gektari yoki 20 foizida sabzavot, poliz, kartoshka, makkajoʻxori va boshqa ozuqa ekinlarining yuqori avlodli urugʻliklarini yetishtirish, tayyorlash va qishloq xoʻjaligi korxonalariga yetkazib berish vazifasi yuklatilgan.

Biroq, oʻrganish davomida 2020-yilda Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchiligi xoʻjaliklari tomonidan, Respublika hududlaridagi qishloq xoʻjaligi korxonalariga sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklari umuman yetkazib berilmaganligi aniqlandi. Bu haqda “Oʻzagroinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tomonidan 2021-yil hosilidan jami 803 gektar maydonga shundan, 83 gektar sabzavot, 57 gektar poliz, 530 gektar ozuqa ekinlari, 19 gektar dukkakli ekinlar va 114 gektar moyli ekinlari ekilishi rejalashtirilib berilgan.

Oʻrganish natijalariga koʻra, 19 gektar sabzavot, 60 gektar ozuqa ekinlari, 18 gektar moyli ekinlarning urugʻlik maydonlari ekilmagan.

Mavjud sabzavot, poliz, ozuqa va moyli ekinlarning ekilgan urugʻlik dalalaridagi haqiqiy holat oʻrganilganda, rejalashtirilgan ekinlarni ekilmaganligi, ekilgan maydonlarda ekinning navi va avlodini tasdiqlovchi hujjatlarning yoʻqligi va ekilgan maydonlar qarovsiz qoldirilganligi kabi koʻplab holatlar aniqlandi.

Jumladan, Jizzax viloyati “Paxtakor tuman elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda 1 gektar piyoz, 2 gektar dukkakli va 3,5 gektar kungaboqar urugʻlik maydonlari ekilmaganligi va “Sh.Rashidov elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda urugʻlik uchun ekilgan ekinlarning navi va avlodini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud boʻlmasdan 17 gektar maydondagi sabzavot va poliz ekinlari isteʼmol maqsadlarida ekilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyati «Romitan super elita urugʻchilik xoʻjaligi» MCHJda 0,5 gektar maydonda ekilgan sabzavotning muvofiqlik sertifikati yoʻqligi, «Gʻijduvon super elita urugʻchilik» MCHJda rejalashtirilgan 16 gektar ozuqa ekinlari, 0,5 gektar poliz, 0,5 gektar sabzavot ekinlarining urugʻliklari maydonlari ekilmagan, “Kogon Asl elita urugʻchilik” MCHJda 1 gektar sabzavot urugʻligi maydoni begona oʻt bosib ketganligi sababli hosil yetishtirilmagan. Shuningdek ekilgan sabzavot urugʻlik maydonlarining muvofiqlik sertifikati va nav guvohnomasi mavjud emasligi maʼlum boʻldi.

Surxondaryo viloyatida “Denov elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda yetishtirilgan poliz va ozuqa ekinlari maydonlaridan urugʻlik jamgʻarilmaganligi va “Qumqoʻrgʻon elita urugʻchilik” MCHJda 10,3 gektar sabzavot, poliz va dukkakli ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar oʻtkazilmaganligi natijasida dalalarni begona oʻt bosib ketganligi kuzatildi.

Samarqand viloyatida “Paxtachi elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda 1,5 gektar poliz, 5 gektar ozuqa ekinlarining va “Pastdargʻom elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda 10 gektar ozuqa ekinlari ekilgan maydonlarda sertifikatlanmagan urugʻliklar ekilganligi hamda “Ishtixon elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda ekilishi rejalashtirilgan 19,7 gektar maydonlarning 16 gektarida sabzavot ekinlari umuman ekish ishlari amalga oshirilmagan.

Qashqadaryo viloyatida “Koson elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda  2020-yil hosilidan yetishtirilgan 860 kg sabzavot urugʻlari va 510 kg ozuqa ekinlari, “Kasbi elita urugʻchilik xoʻjaligi” MCHJda 280 kg sabzavot, 2 tonna 450 kg ozuqa ekinlari urugʻliklari tayyorlangan boʻlib, bugungi kungacha sertifikatlanmagan va 1 kg ham sotilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-bob, 13-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 733-sonli qarori talablari buzilganligi uchun Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga 1 ta taqdimnoma, Urugʻchilikni rivojlantirish markazining viloyat boshqarmalariga 4 ta, tuman hokimliklariga 4 ta va elita urugʻchilik xoʻjaliklariga 3 ta taqdimnomalar, 5 ta ogohlantirish xati, 10 ta yozma koʻrsatma va 1 ta holatda prokuraturaga hamda 7 ta materiallar tayyorlanib, sudlarga belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun yuborildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?