Elektron kutubxona: imkoniyat, qulaylik, tezkorlik

16:43 11 Avgust 2022 Jamiyat
373 0

Foto: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti

Prezidentimiz tashabbusi bilan butun mamlakatimiz boʻylab “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasi amalga oshirilmoqda. Xususan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan “Raqamli universitet” loyihasi joriy yetilmoqda. Ushbu loyiha taʼlim jarayonini raqamlashtirish, talaba uchun ham, taʼlim beruvchi uchun ham, taʼlim jarayonini boshqaruvchilar uchun ham bir qancha qulayliklar yaratadi. Mazkur loyihaning ajralmas boʻlagi sifatida “Elektron kutubxona” platformasini eʼtirof etish oʻrinli. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-60-son qarori ijrosiga muvofiq, 2022-yil yakuniga qadar barcha davlat oliy taʼlim muassasalari kutubxona fondidagi oʻquv adabiyotlarining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishi hamda vazirlik huzurida yagona “Elektron kutubxona” platformasini ishga tushirilishini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Mazkur platformani joriy etish orqali respublikamizda barcha talabalar, professor-oʻqituvchilar, ishchi-xodimlar va aholiga zamonaviy hamda sifatli kutubxona xizmatini koʻrsatish imkoniyati yaratiladi. Aytish joizki, ushbu platforma foydalanuvchisi istalgan hududdan turib barcha oliygohlar ilmiy, badiiy adabiyotlaridan birdek foydalana oladi. Bu esa ilm olish istagida boʻlganlarning vaqt, makon chegarasini buzib, oʻz ustilarida ishlash, mustaqil taʼlim olishlari uchun qulaylik yaratadi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida ham raqamlashtirish yuqori sifat va tezlikda olib borilmoqda. Biz ushbu jarayon qanday tartibda ketayotganligini bevosita kuzatish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti axborot-resurs markazida boʻldik. Markaz rahbari Zamira Jumayeva biz bilan suhbat chogʻida ish yuqori surʼatda va aniqlikda bajarilayotganini qayd yetdi.

— Bugungi kunda kutubxonamizda keng koʻlamdagi raqamlashtirish ishlari olib borilmoqda. Raqamlashtirishdan maqsadimiz kutubxonamizda mavjud boʻlgan barcha kitoblarni yoʻqolmaganligini aniqlash, kitoblarni tartibga solish, yoʻqolmasligining oldini olish, kitobxonlarga soʻralgan kitoblarni tez fursatda oson va qulay tarzda ularning inventar raqamlari orqali topib berish uchundir. Shu oʻrinda fondimizda mavjud adabiyotlarni elektronlashtirish ishlari ham davom ettirilmoqda. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan yaratilgan elektron kutubxona platformasiga kutubxonamizdagi barcha darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, monografiyalar, uslubiy qoʻllanmalar elektron shaklga oʻtkazilib, joylashtirilmoqda. Ushbu jarayonning oʻzida biz shikastlangan kitoblarimizni taʼmirlash ishlarini ham olib boryapmiz, — deydi suhbatdoshimiz.

Albatta, bu platforma respublikamizdagi barcha talabalar, ilmiy tadqiqotchilar va professor-oʻqituvchilarning yeng asosiy koʻmakdoshi boʻlgan manbalar bilan bogʻliq koʻplab muammolarga yechim boʻlishi shubhasiz. Qimmatli va noyob kitoblarni izlab, vaqt va mablagʻ sarflamasdan shu qulay platforma orqali yurtimizdagi barcha OTMlarning boy kutubxona fondidan foydalanish imkoniyati paydo boʻladi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqishda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish, u orqali jamiyat va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida faoliyat olib boradigan kadrlarni tayyorlash va safarbar qilish, talab yuqori boʻlgan IT sohasini ilm-fan tarmoqlari bilan integratsiyasi jarayonini jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash bugungi kun talabidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?