Elektron gaz hisoblash uskunasi hali oʻrnatilmagan 1,5 mln isteʼmolchilar sarflangan gaz uchun toʻlov qilmagan

11:36 16 Oktyabr 2021 Jamiyat
572 0

“Hududgaztaʼminot” AJ aholini sovuq tushishidan oldin qarzlarini toʻlashga chaqirib, aks holda, gaz taʼminotidan avtomatik uzib qoʻyilishidan ogohlantirdi.

“Hududgaztaʼminot” AJ Matbuot xizmatining xabar berishicha, zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunasi hali oʻrnatilmagan 1,5 mln isteʼmolchilar sarflangan gaz uchun eski namunadagi gaz hisoblagichlarining koʻrsatkichlari boʻyicha toʻlov qilishni davom ettirmoqda. Lekin, ushbu isteʼmolchilarda yangi hisobdonlar oʻrnatilgunga qadar oʻz xonadonlaridan chiqmay turib isteʼmol qilingan yoqilgʻiga toʻlov qilish uchun maxsus Telegram-bot ham yaratilgan.

Xabarda aytilishicha, gaz taʼminoti filiallari va boʻlimlari tomonidan doimiy ravishda berilayotgan bildirishlar va shartnomaviy majburiyatlarga qaramasdan, ayrim isteʼmolchilar yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun har oyning 10 sanasiga qadar toʻlovlarni amalga oshirmayapti.

Natijada, isteʼmolchilar tomonidan katta qarzdorlik yuzaga kelmoqda va qarzga nisbatan vaqtida toʻlov qilinmaganligi sababli penya hisoblanmoqda.

Berilgan maʼlumotga koʻra, bugungi kunga kelib 1,2 milliondan ortiq isteʼmolchining tabiiy gaz uchun 501,6 milliard soʻm miqdordagi debitorlik qarzdorligi mavjud.

“Tez orada butun mamlakatimiz boʻylab "aqlli hisoblagichlar”ni oʻrnatish ishlari yakunlanadi. Yangi hisobdonlar ishga tushgach isteʼmolchiga baribir qarzdorligini qoplashga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, asosiy qarzdorlikni bartaraf etish bilan birga unga nisbatan hisoblangan penyani ham toʻlash talab qilinadi. Aks holda istemolchi gaz taʼminoti tizimidan avtomatik ravishda uzib qoʻyiladi", - deya ogohlantiriladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?