Elektrdagi yoʻqotishlar, xodimlar maoshi, yaqinda boʻlgan avariya sababi — Oʻzbekistonni 10 foiz elektr bilan taʼminlayotgan IESda bir kun

11:28 30 Noyabr 2020 Jamiyat
632 0

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan OAV xodimlari uchun Fargʻona va Namangan viloyatlariga press-tur tashkil etildi.

Ikki kunlik tadbirning ilk kunida jurnalistlar “Fargʻona issiqlik elektr markazi” AJ faoliyati bilan yaqindan tanishgan boʻlsa, navbatdagi kun OAV xodimlari Namangan viloyatidagi Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasida boʻldi.

— Stansiyamiz Fargʻona vodiysining deyarli 50 foiz qismining elektr energiyasiga boʻlgan talabini qondirib beradi, — deydi stansiya bosh muhandisi Nodir Nasibaliyev. — Stansiyaning umumiy yillik ishlab chiqarishi 6,7 milliard kVt boʻlib, u respublikamizning deyarli 10 foiz isteʼmolini qoplab beradi. Yiliga 1,4 milliard kub tabiiy gaz sarflanadi, har bir kVt uchun 225 gramm shartli yoqilgʻi sarflanyapti. Foydali ish koiffitsentimiz 58,5 foizni tashkil qiladi.

Stansiyada 300 dan ortiq xodimlar boʻlib, ish jarayoni 24 soat tashkil etilgan va ishchilar 2 smenada ishlaydi. IESga eng zamonaviy trubinalar oʻrnatilgani hisobiga stansiyaning ekologiyaga salbiy taʼsiri deyarli yoʻq. Shu sabab loyihaning ikkinchi nomi ekologik toza energiya deb nomlanadi.

Stansiya faqat elektr energiya ishlab chiqaradi va yoqilgʻi sifatida faqatgina gazdan foydalaniladi.

Jurnalistlar IES faoliyati bilan tanishib, qurilmalarni koʻzdan kechirgach Toʻraqoʻrgʻon IES rahbari Iskandar Basidov bilan suhbatlashdi va dolzarb savollariga javob oldi.

— Stansiyamizda 90 foizga yaqin ishlar toʻla raqamlashtirilgan, sanoqli ishlargina jismoniy mehnat orqali bajariladi, — Iskandar Basidov. — Xodimlarimizning 200 dan ortigʻi Namangan viloyati aholisi boʻlsa, ularning 100 yaqini Toʻraqoʻrgʻon tumanidan. Ishchilarimizning asosiy ishi jarayonni nazorat qilib turish, stansiya faoliyati raqamlashtirilgan. Shu bois bizda eng katta talab, ehtiyoj programmistlarga.

— Mazkur stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi faqat vodiy aholisi manfaati uchun deyish mumkinmi?

— Ha. Chunki biz ishlab chiqargan elektr energiya shu hududning oʻzida tarqalib ketadi. Bundan tashqari 1,5 ming megavat energiya markazdan ham keladi.

— Stansiya qurilganiga bir yil vaqt boʻldi, undan avval holat qanday boʻlgan?

— Asosan elektr energiya miqdorini markazdan kelgan, unda yoʻqotishlar koʻp boʻlardi, har bir liniyada bir kilometriga taxminan 3-4 foiz yoʻqotish boʻlardi. Shu sababli elektrni hududni oʻzida tarqatsak, yoʻqotishlar ham kamroq boʻladi.

— GES qurilsada hududda svet oʻchishlar bor. Hududiy elektr taʼminot masʼullari bunga simlarning tok kuchlanishiga dosh bermasligini sabab qilib koʻrsatmoqda. Shu gap rostmi, elektr yetib bormasligiga simlarning eskirgani sababmi?

— Qish kunlari elektr energiya yetishmovchiligi boʻladi, isteʼmol ham keskin oshadi. Yozga nisbatan qariyb 50 foiz isteʼmol oshgan, shu sabab uzilishlar boʻlishi mumkin. Bu vazifa bizning zimmamizga kirmaydi, biz elektr energiyani ishlab chiqaramiz, tarqatish vazifasi bizga yuklatilmagan.

— Yaqinda Toʻraqoʻrgʻon IESda avariya sodir boʻldi, holatga har xil izohlar berildi. Mutaxassis sifatida izoh bersangiz.

— Bu yerda avariya boʻlgani yoʻq, uzilish boʻlgan. Uzilish qurilma blokini sinovlardan oʻtkazish jarayonida sodir boʻldi. 2 soatda nosozlik bartaraf etildi, bu texnika.

— IESning oʻzi qancha elektr energiyasi isteʼmol qiladi?

— Soatiga hisoblaganda oʻrta hisobda stansiya oʻzi ishlab chiqargan elektrni 5,5 foiz qismi oʻz isteʼmoli uchun ishlatiladi. Miqdor hajmi qancha kam boʻlsa IES unumdorligi shuncha yuqori boʻladi. Binolar uchun elektr umumiy taʼrifda sotib olinadi.

— Stansiya yil 12 oyda bir xil hajmda elektr energiyasi ishlab chiqaradimi yoki talabga qarabmi?

— Bizda dispecherlik xizmati bor, ularga topshiriq beriladi, shu grafikka qarab ishlab chiqaramiz. Hozir biz 100 foiz quvvat bilan ishlayapmiz. Yozda 10-20 foiz kamaytiriladi. Biz oʻzimizcha harakat qilib, quvvat hajmini belgilamaymiz.

— Fargʻona IESda elektr bilan birga bugʻ yoki issiq suv ham ishlab chiqariladi. Bu yerda faqat elektr, nega?

— Bu stansiya loyihalashtirilayotgan vaqtda hududda issiqlik energiyasiga talab yoʻq edi, issiq suv tortadigan quvurlar ham yoʻq. Bugʻga kelsak, unga ham ehtiyoj yoʻq. Loyiha faqat elektr energiyasi ishlab chiqarishga moslashgan. Issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda qozonlardan foydalanish samaraliroq, ular samaradorligi 95 foizgacha boʻladigan boʻlsa, bu IES samaradorligi esa 57 foiz.

— Sir boʻlmasa stansiya xodimlari maoshi qancha?

— Texnik xodimlarimiz bor, texnikaga aloqador boʻlmagan xodimlarimiz bor, ular maoshi bir-biridan farq qiladi. Ishlab chiqarishdagi xodimlarimizni olsak, oʻrta hisobda 2-3 million soʻm maosh olishadi. Mutaxassisligi, ish tajribasiga qarab maoshlar ham oshib boraveradi, 10 million soʻm oylik oladigan xodimlarimiz ham bor.

— Ishlab chiqarishda faqat gazdan foydalanilar ekan. Vaholanki Fargʻonadagi IESda koʻmir, mazutlardan ham yoqilgʻi sifatida foydalanishmoqda. Nega Toʻraqoʻrgʻon IESda faqat gazdan foydalaniladi?

— Toʻgʻri, Fargʻonada gazdan tashqari mazut, koʻmirlan ham foydalaniladi. Bizning stansiyamizda uskunalar faqat gazga moslangan, lekin unumdorligimiz ularga qaraganda qariyb ikki barobar yuqori.

Inobat AHATOVA

“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?